Toshkentdagi mehmonxonalardan birida 47 yoshli rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya va yana ikki kishining o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.
BP mulozimiga ko‘ra, vafot etganlarning o‘limi sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan, tergov ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston poytaxtining Mirobod tumanida joylashgan “Karaman palas” mehmonxonasida rossiyalik jurnalist ayol vafot etgani haqida avvalroq “Baza” nashri xabar qilgan edi.
Nashr qaydicha, “Lenta” onlayn-gazetasi va “Profil” jurnalida ishlaydigan Inessa Papernaya O‘zbekistonga ta’tilga kelgan edi. U “Karaman palas”da hamrohi bilan birgalikda qolgan. 20-oktyabr oqshomida jurnalist ayolga posilka kelgan. Mehmonxona xodimlari Inessaga telefon orqali bog‘lana olishmagan, eshik taqillashiga ham hech kim javob bermagan. Xodimlar eshikni buzib kirishga qaror qilishgan. Ular ichkariga kirishgach, Papernaya va hamrohining jasadiga duch kelishgan.
BP vakili Hayot Shamsutdinov mahalliy nashrlarga rossiyalik jurnalist ayol va hamrohining jasadi topilgan xonaga qo‘shni bo‘lgan nomerda o‘zbekistonlik yana bir kishining jasadi topilganini bildirgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, mehmonxona mijozlari ventilyatsiya tizimi orqali kirgan gazdan zaharlangan bo‘lishi mumkin. 19-oktyabrdan 20-oktyabrga o‘tar kechasi mehmonxonada hovuz tozalangan — aftidan, zaharli gaz mo‘ri orqali mehmonxona mizojlari xonasiga kirgan bo‘lishi mumkin.
“Baza” nashri hodisa ortidan “Karaman palas” muhrlab ketilgani, ayni paytda tergov ishlari olib borilayotgani, jurnalist ayolning jasadi esa ikki kun ichida Moskvaga yetkazilishini qo‘shimcha qilgan.