Indoneziya 2006-yilda Rossiya, Braziliya, Hindiston va Xitoy tomonidan tuzilgan iqtisodiy blok — BRICSga rasman qo‘shilgan. Bu haqda 6-dekabr kuni Braziliya hukumati tomonidan tarqatilgan rasmiy xabarnomada aytilgan. Bu yil mazkur tashkilotga Braziliya raislik qilmoqda.
Indoneziyaning BRICSga qo‘shilishga tayyor ekani haqida Jakarta o‘tgan yil oktyabrida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda bildirgan edi. Indoneziya aholi soni bo‘yicha dunyodagi to‘rtinchi davlat bo‘lib hisoblanadi, biroq uning iqtisodiyoti hatto eng yirik iqtisodiyotlar o‘nligiga ham kirmaydi.
Bu Janubi-Sharqiy Osiyoda BRICSga to‘liq a’zo bo‘lgan ilk mamlakatdir. Yanvar oyidan Malayziya va Tailand sherik mamlakatga aylanishgan. Avvalroq Indoneziya ham shu maqomda bo‘lishi kerakligi aytilgandi. Bu borada hali rasmiy Jakarta izoh berganicha yo‘q.
Avvalroq O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus, Boliviya, Indoneziya, Kuba, Malayziya, Tailand va Uganda 2025-yilning 1-yanvaridan BRICSda rasman sherik davlat maqomiga ega bo‘lishi haqida xabar qilingan edi.
Dastavval Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kirgan BRICSga 2024-yilda Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Efiopiya va Misr a’zo bo‘lib kirgan.
2024-yilda Malayziya va Ozarbayjon BRICSga a’zo bo‘lish uchun rasman ariza yo‘llagan.