Линклар

Шошилинч хабар
14 феврал 2025, Тошкент вақти: 16:19

Buxoroda ikki ming yillik aslahalar topildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Poykent manzilgohidan miloddan avvalgi I va milodiy I asrlarga oid qurol-aslaha hamda boshqa osori atiqalar topildi.

“Xalq so‘zi” gazetasi xabariga ko‘ra, nodir ashyolar saklar va massagetlar davrida ibodatxona vazifasini o‘tagan hududda olib borilgan arxeologik qazishmalar paytida aniqlangan.

Topilmalar orasida turli o‘lchamdagi xanjarlar, niqob bo‘laklari, kamon va nayza uchlari, askarlar zirhlari, qo‘l jangida ishlatiladigan metall uzuklar bor.

Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi restavratori Dilmurod Xolovga ko‘ra, bu Markaziy Osiyoda topilgan eng qadimiy metall qurollar kolleksiyasidir.

Olimlar qazishma jarayonida olovni tashishda ishlatilgan qo‘ng‘iroq hamda vazifasi hali aniqlanmagan aylana shakldagi qurilmani ham topishgan.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti arxeologlari va Rossiya Davlat ermitajining Buxoro ekspeditsiyasi Poykent xarobalarida 43 yildan buyon tadqiqot olib boradi.

Ayni paytda topilmalarni konservatsiyalash, ta’mirlash ishlari olib borilayotganini qayd etgan “Xalq so‘zi” nashri savobtalab tadbirkorlarni restavratorlarga homiylik ko‘rsatishga da’vat qilgan.

Ozodlik avvalroq O‘zbekiston janubi-sharqidagi tog‘larda o‘rta asrlarga oid Tugunbuloq va Toshbuloq shaharlari qoldig‘i topilgani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG