Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:42

“Chegarasiz muxbirlar” Rossiyani Alsu Kurmashevani ozod qilishga chaqirdi


“Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti xodimlari yarim yil muqaddam noqonuniy hibsga olingan Alsu Kurmashevaning ozod qilinishini talab qilishmoqda
“Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti xodimlari yarim yil muqaddam noqonuniy hibsga olingan Alsu Kurmashevaning ozod qilinishini talab qilishmoqda

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining (RFE/RL) tatar-boshqird xizmatida ishlagan Alsu Kurmasheva 2023-yilning 18-oktyabridan buyon Rossiya rasmiylari tomonidan g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni tahqirlovchi sharoitda tutib turilibdi. Bu haqda “Chegarasiz muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkilotining galdagi bayonotida aytilgan.

RSF yana bir bor ham AQSH, ham Rossiya fuqarosi bo‘lgan Kurmashevani zudlik bilan ozod qilishga chaqirib, jurnalistning salomatchiligi yuzasidan xavotir izhor qilgan.

Alsu Kurmashevaning yaqinlari u hibsga olinganidan buyon o‘tgan yarim yil ichida ilk bor uning ovozini eshitishga muvaffaq bo‘lishgan. 1-aprel kuni jurnalist ayolning eri Pavel Butorin X ijtimoiy tarmog‘ida Kurmashevaning Qozon sudi zalidagi oynavand qafas ichida turgani aks etgan videoni yoyinlagan.

Uning hibs muddati 5-iyungacha uzaytirilishi haqidagi qaror e’lon qilinishidan sal avvalroq u hibsxonadagi sharoit haqida qisqacha ma’lumot bergan. Kurmashevaga ko‘ra, u havo sovuq bo‘lishiga qaramay, qariyb isitilmayotgan kichkinagina kamerada issiq suvsiz ushlab turilibdi, xonada ikkita karavot bilan tokchagina bor. “Chegarasiz muxbirlar” buning g‘ayriinsoniy va kishi qadr-qimmatini tahqirlovchi sharoit ekanini urg‘ulagan.

Kurmasheva o‘tgan yilning oktyabr oyida Qozonda hibsga olinganidan buyon eri, voyaga yetmagan (12 va 15 yoshdagi) ikki farzandi va qari onasi bilan biror marta ham gaplasha olgan emas. Rossiya rasmiylari jurnalist ayolning AQSH konsulxonasiga murojaat qilish iltimosini ham rad etishgan, bunga esa AQSH fuqarosi sifatida uning huquqi bor edi.

Rossiya qamoqxonalaridagi sharoit rasvoligi tufayli Alsu Kurmashevaning salomatligi yomonlashishda davom etayotgan bir paytda uning AQSH fuqarosi o‘laroq haq-huquqlari rasmiylar tomonidan e’tiborga olinmayapti. AQSHdan konsullik yordami olinishining rad etilishi Konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasining (VKKS) qo‘pol ravishda buzilishi bo‘lib hisoblanadi. RSF AQSH hukumatini uni (Alsu Kurmashevani) ozod qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirishga chaqiradi”, deyilgan tashkilot bayonotida.

RSF vakillariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari mustaqil OAVga qarshi o‘z kurashida xorijlik jurnalistlarni ta’qib qilishdan ham tortinmay qo‘ygan. Xalqaro tashkilot Alsu Kurmashevani imkon qadar tez fursatda “g‘ayriqonuniy ravishda tutib turilgan shaxs” deb e’lon qilish va uning ozod qilishini uchun barcha choralarni ko‘rish iltimosi bilan AQSH Davlat departamentiga murojaat qilgan. Rossiya hibsxonasida ushlab turilgan yana bir amerikalik jurnalist – o‘tgan yilning 29-martida “josuslik”da gumonlanib, hibsga olingan Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich avvalroq AQSH Davlat departamenti tomonidan Rossiyada “g‘ayriqonuniy ravishda tutib turilgan shaxs” deya tan olingan edi.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining 2023-yildagi hisobotiga muvofiq, Rossiya dunyodagi 180 mamlakat ichida matbuot erkinligi bo‘yicha 164-o‘rinni egallagan.

XS
SM
MD
LG