Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:49

“Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatdi


“Chegarasiz shifokorlar” xalqaro nohukumat tashkiloti Rossiyadagi o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Tashkilot bayonotida buning majburiy qadam bo‘lgani aytilgan.

Avgust oyida “Chegarasiz shifokorlar” Adliya vazirligidan uning Rossiyadagi shu’basi xorijiy nohukumat tashkilotlari filiallari va vakolatxonalari reyestridan chiqarilgani va tashkilotning Rossiyadagi ofisini yopish lozimligi haqida xat olgan.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Adliya vazirligi bunga rasmiy sabab o‘laroq tashkilot filialining faoliyati nizomga muvofiq emasligini ko‘rsatgan.

“Chegarasiz shifokorlar”ning Rossiyadagi faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan vakili Norman Sitali tashkilot Rossiyadagi o‘z filialini “yurakda og‘riq bilan” yopayotganini va agar keyinchalik imkon bo‘lsa, o‘z ishini tiklashdan mamnun bo‘lishini aytgan.

“Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti Rossiyada 32 yil davomida faoliyat olib borgan. U Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Arxangelsk, Ivanovo va Kemerovo viloyatlari, Checheniston, Ingushetiya va Dog‘istonda o‘z dasturlarini amalga oshirgan. Ular sil kasalligini, ayniqsa uning muolajasi qiyin bo‘lgan shakllarini davolash va oldini olish, OIV, boshqa yuqumli kasalliklar, xatar guruhlari, shu jumladan migrantlar bilan ishlash kabilar bilan shug‘ullanishgan.

Ukrainada urush boshlanganidan keyin “Chegarasiz shifokorlar” Ukrainadan kelgan qochqinlar hamda Rossiyaning chegaraoldi viloyatlaridan xavfsiz mintaqalarga ko‘chgan rossiyaliklarga tibbiy va gumanitar yordam berib kelishgan.

XS
SM
MD
LG