O‘zbekistonda onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgan 01 888 BBB avtobil raqami salkam bir milliard so‘mga sotildi.
Daryo.uz nashrining yozishicha, 337,5 million so‘m boshlang‘ich narx bilan savdoga qo‘yilgan bu avtoraqamning bahosi kimoshdi yakuniga qadar 965 million 250 ming so‘mga ko‘tarilgan.
O‘tgan yili 01 777 RRR davlat raqami 893 million so‘mga sotilgandi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasi yoyinlagan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida avtoraqam.uzex.uz savdo tizimi orqali 426,2 milliard so‘mlik 104,9 mingdan ortiq avtoraqam sotilgan. Avtoraqamlarning eng arzon bahosi 1,7 million so‘mni, eng qimmati esa 517,1 million so‘mni tashkil qildi.
O‘zbekistonda 2017-yildan “chiroyli” yoki xalq orasida “zolotoy” deb ataluvchi nomerlarni auksion orqali sotish yo‘lga qo‘yilgan.
2022-yilda “chiroyli” avtoraqam savdosi 304 milliard so‘m daromad keltirgan.
Bir muddat avval Samarqandda birgina avtoraqam (30 Z 777 ZZ) yettita “Neksiya” narxiga sotilgani ham muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.