Линклар

Шошилинч хабар
06 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:52

Davlat dumasi Mishustinni bosh vazir lavozimiga qayta tasdiqladi


 Rossiya bosh vaziri lavozimiga qayta tayinlangan Mixail Mishustin (arxiv surati)
Rossiya bosh vaziri lavozimiga qayta tayinlangan Mixail Mishustin (arxiv surati)

Rossiya Davlat dumasi deputatlari 10-may kungi yalpi majlisda Mixail Mishustin nomzodini hukumat raisi lavozimiga tasdiqlashgan. Uning nomzodi prezident Vladimir Putin tomonidan kiritilgan edi.

Mishustinni parlamentdagi beshta fraksiyadan to‘rttasi dastaklagan, natijada u 375 ta ovoz olgan. Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan (KPRF) bo‘lgan 57 nafar deputat esa ovoz berishdan tiyilgan.

Rossiyada hukumat Putin beshinchi marta prezident o‘laroq lavozimga kirishgani ortidan iste’foga ketgan edi. Mahalliy nashrlarning Rossiyadagi ichki siyosatni yaqindan bilgan manbalari Mishustin bosh vazirlikka qayta tayinlanishiga shubha qilishmayotgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, yangi hukumat tarkibiga eski vazirlardan ayrimlari kirmasligi mumkin. Xususan, RBK nashri manbalari iddaosicha, energetika vaziri Nikolay Shulginov lavozimini tark etadi. Nashr uning o‘rniga Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Sivilyov kelishi mumkinligi haqida yozmoqda. Sivilyov Putinning jiyanlaridan biri - Annaning eridir.

“Vedomosti” nashri manbalari qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kutilayotganini bildirishgan. U Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning o‘g‘lidir.

Kuch ishlatar blok va Tashqi ishlar vazirligiga prezident tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar tayinlanadi. Hukumat yangi tarkibi shakllantirilgunidan avvalroq mudofaa vaziri Sergey Shoyguning o‘rinbosari Timur Ivanov hibsga olingan edi, u milliard rubl miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda.

Rossiyalik ekspertlardan bir guruhi bu hodisa va Rossiya armiyasining harbiy muvaffaqiyatsizliklari 1991-yildan buyon turli vazirliklarga rahbarlik qilgan Sergey Shoyguning ham iste’fosiga sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Bosh vazir nomzodi bo‘yicha ovoz berish jarayoni yakunlangach, Mixail Mishustin vazirlar va bosh vazir o‘rinbosarlari nomzodlarini ko‘rib chiqish yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishini bildirdi, deya qayd etgan “Kommersant’” nashri

XS
SM
MD
LG