O‘zbekistonda sovet mafkurasi, davri va ramzlarini targ‘ib qilish qonunchilik bilan taqiqlanishi lozim. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi lideri Alisher Qodirov bildirdi.
Deputat Qodirov o‘z telegram-kanalidagi postida o‘zbek xalqi tarixining “bu ayanchli davri (ya’ni sovet davri - tahr.) tahlil va muhokama qilinishi”ga qarshi emasligi urg‘ulagan. Biroq, unga ko‘ra, sovet davrini “ma’qullash yoki targ‘ib qilish nafaqat Konstitutsion tuzumga jinoyat, balki xalqimizga va qonli tuzum qurbonlariga aylangan ajdodlarimizga xiyonat sifatida baholanishi zarur”.
“Milliy tiklanish” lideri fikricha, o‘zbek xalqi SSSR boshqaruvi tomonidan kamsitilgan, tahqirlangan va hanuzgacha o‘sha davrning og‘ir jarohatlarini davolayapti.
“Millatlar, qadriyatlar va e’tiqodni rad etgan sovet mafkurasi nafaqat o‘zbek xalqi, butun insoniyat boshiga balo bo‘lib keldi va qoldiqlari hozirgacha balo bo‘lmoqda”, deb yozgan deputat bu mafkura “qoldiqlari” kimlar ekani, ular kimlarning boshiga “balo” bo‘layotganiga aniqlik kiritgan emas.
Alisher Qodirov bu postini O‘zbekiston fuqarosining “Konstitutsion tuzumga qarshi targ‘ibot va SSSRni tiklash taklifi uchun sud qarori bilan jinoiy javobgarlikka tortilgani”ga munosabat o‘laroq yozgan. Deputat mazkur sud qarorini olqishlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudi O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblangan 74 yoshli E. Hasanovga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani haqida avvalroq Ozodlik xabar qilgan edi.
Sud qarori bilan samarqandlik E. Hasanovga kechki soat 22:00 dan 6:00 gacha xonadondan chiqish, nazorat organining ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirish, Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqish, internet tarmog‘idan foydalanish taqiqlangan.
Ish materiallariga ko‘ra, E. Hasanov rossiyalik bir guruh shaxslar bilan hamkorlikda SSSRni tiklash g‘oyalarini targ‘ib qilib yurgan hamda “O‘zbekiston mustaqilligi yuzaki ekanligi, hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet Ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga kirgan 15 ta respublika AQSH yordamida o‘zboshimchalik bilan mustaqilligini e’lon qilganligi va tez orada sobiq ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qo‘shilishlari” haqidagi materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.