Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron o‘z yadroviy dasturi va bunga oid sanksiyalar bo‘yicha AQSH bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi. Biroq, diplomatga ko‘ra, muzokaralar AQSH prezidenti Donald Trampning “maksimal darajadagi bosimi” strategiyasi asosida bo‘lib o‘tishi mumkin emas,
“Sanksiyalarni olib tashlash uchun muzokaralarga ehtiyoj bor, biroq bu “maksimal darajadagi bosim” siyosati doirasida o‘tmasligi lozim, chunki bunday bo‘lsa, bu muzokara emas, kapitulyatsiya shakli bo‘lib qolardi”, deya bildirgan Aroqchi ijtimoiy tarmoqlar orqali.
Diplomat: “Eron ayni paytning o‘zida yangi sanksiyalar kiritayotgan mamlakat bilan muzokaralar olib borishni istamaydi”, deya qo‘shimcha qilgan.
To‘rtinchi fevral kuni Tramp Eronga nisbatan “maksimal darajadagi iqtisodiy bosim” siyosati qayta tiklanishi to‘g‘risidagi farmonni imzolagan bo‘lib, mazkur hujjat neft eksportiga to‘sqinlik qilish va Eron yadroviy dasturini sekinlatishga qaratilgan edi. AQSH prezidenti mamlakat Moliya vazirligiga amaldagi sanksiyalarni buzayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni sanksiyalarga rioya qilishga majburlash mexanizmlari hamda sanksiyalar yordamida bosim qo‘llash haqida topshiriq bergan.
Bundan tashqari, Tramp Moliya vazirligi va Davlat departamentiga Erondan neft eksportini nolga tushirishga qaratilgan kampaniyani amalga oshirishni topshirgan.
Memorandumni imzolarkan, AQSH prezidenti uni juda keskin deb atagan, biroq shu bilan birga, Eron bilan kelishuv tuzishga hamda Eron rahbariyati bilan gaplashishga tayyorligini bildirgan.
“Menimcha, hammasi juda jo‘n: Eron yadroviy qurolga ega bo‘lolmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Eron sanksiyalar yumshatilishi evaziga o‘z yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha 2015-yilda jahondagi qudratli davlatlar bilan muhim kelishuvga erishgandi. Biroq Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida Qo‘shma Shtatlarni bu shartnomadan chiqargan hamda 2018-yili qaytadan sanksiyalar joriy etgandi. Bu Tehronni uranni boyitishni tezlashtirish va o‘z yadroviy obyektlariga xalqaro nazoratchilarni qo‘yishni cheklashga turtgan edi.
Yadroviy shartnomadan chiqishda Tramp Tehron shartnoma ruhiga muvofiq harakat qilmayotgani va yadroviy qurol ishlab chiqish harakatlari davom ettirayotganini bildirgan. Shuningdek, u Eronni mintaqada ekstremistik zo‘ravonlikni dastaklayotganda ayblagan, Tehron esa bu ayblovni inkor qilgandi.
Abbos Aroqchi Eron hech qachon yadroviy qurol ishlab chiqish yoki yadroviy qurolga ega bo‘lishga urinmasligini allaqachonoq ochiq-oydin namoyish qilganini aytdi.
U Eronda yadroviy qurol bo‘lmasligi bo‘yicha Tehrondan amaliy kafolatlar olish qiyin bo‘lmasligini urg‘ularkan, buning uchun “iqtisodiy bosim va sanksiyalar doxil Eronga qarshi dushmanona choralar samarali ravishda to‘xtatilishiga oid obyektiv kafolat taqdim etilishi” shartligini qo‘shimcha qilgan.