17-dekabr kuni Farg‘ona shahridagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida kuchli portlash yuzaga keldi. Portlash oqibatida, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, 4 kishi tan jarohatlari olgan.
Farg‘ona viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabarida aytilishicha, yana 8 kishi "tibbiyot xodimlari nazoratiga olingan".
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligi aytiladi.
Farg‘ona shahar Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan AYQSHdagi portlash "texnologik jarayonlarning buzilishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani natijasida" kelib chiqqani aytilmoqda.
Tarmoqlarda tarqalayotgan videolardan ko‘rinishicha, portlash kuchi atrofdagi muassasalarga ham zarar yetkazgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi ta’kidicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan 14:12 da bartaraf etilgan.
Hodisa yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.