Filippin sobiq prezidenti Rodrigo Duterte yaqin kunlar ichida Xalqaro jinoyat sudi (XJS) sudyasi qarshisiga chiqariladi – u insoniylikka qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda. Ichida Duterte bo‘lgan uchoq 12-mart kuni Rotterdamga parvoz qildi, deya xabar qilgan Reuters agentligi.
Duterte 11-mart kuni Manila aeroportida Honkongdan uchib kelgan chog‘ida hibsga olingan. XJS sobiq prezident va qator boshqa shaxslarga nisbatan narkokartellarga qarshi kurash chog‘ida muhtamal sudsiz qatl va boshqa inson huquqlari buzilishi holatlariga doir ish yuzasidan tergov olib bormoqda.
XJSning Haagadagi binosi oldida kuni kecha qo‘lida plakatlar tutgan 20 ga yaqin odam to‘plangan, plakatlardan birida: “Biz adolat va javobgarlikka tortishni talab qilamiz, Rodrigo Duterte – harbiy jinoyatchi!” deb yozilgan edi. Aksiya ishtirokchilarida biri esa qo‘lida Duterte vampir (qon so‘ruvchi) qiyofasida tasvirlangan kattakon karton niqobni ushlab turgan.
Filippinlik huquq faollari prezidentni mamlakatda sudsiz jazolashlar davrida olti mingdan ziyod odam o‘limida ayblab kelishadi. Siyosatchi bir necha bor bangfurushlar va narkomanlarni o‘ldirishga ochiqdan-ochiq chaqirgan hamda uch nafar bangfurushni shaxsan o‘z o‘ldirganini aytgan .
Rodrigo Duterte 2016-yildan 2022-yilgacha Filippin prezidenti bo‘lgan. Hozir uning qizi Sara Duterte-Karpio vitse-prezident lavozimini egallab turibdi, fevral oyida unga nisbatan impichment e’lon qilingan. Duterte-Karpioning saylovdan so‘ng davlat rahbari Ferdinad Markos bilan siyosiy qarashlari bir-biriga mos kelmay qolgan.