Parijda Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi ustidan sud boshlandi. U 2000-yillar o‘rtasilarida Liviya diktatori Muammar Qaddofiy bilan korrupsion til biriktiruvda ayblanmoqda. Agar sudda Sarkozining aybi isbotlansa, u 10 yilgacha qamalishi mumkin. Mahkama jarayoni uch oy davom etadi.
Tergov taxminiga ko‘ra, 2005-yilda Sarkozi va uning apparati Qaddofiy bilan til biriktirgan hamda 2006-2007'yillarda undan kamida 50 million dollar olgan, bu pullarni Sarkozi o‘z saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun foydalangan. Evaziga Fransiya Qaddofiy rejimiga xayrixohlik qilgan, vaholanki u xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilgan edi.
Sarkoziga “passiv korrupsiya”, “jinoiy til biriktiruv”, “saylov kampaniyasini noqonuniy ravishda moliyalashtirish” va Liviyaning “davlat mablag‘lari qonuniy o‘zlashtirilganini yashirish” bo‘yicha ayblovlar bildirilgan. Sobiq prezident o‘zining aybdor ekanini rad etib, tergov tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni soxta deb atagan.
Bu Sarkoziga nisbatan uchinchi mahkama jarayoni bo‘lib hisoblanadi. 2021-yilda sud unga nisbatan ikkita hukm chiqargan: birinchisi – korrupsiya va mansabdor shaxsni sotib olishga urinish moddasi bo‘yicha Sarkozi uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan (bundan ikki yili shartli qamoq, bir yili uy qamog‘i), ikkinchisi – saylov kampaniyasini noqonuniy ravishda moliyalashtirish bo‘yicha sobiq prezidentga yarim yilga ozodlikni cheklash, yarim yillik shartli qamoq jazosi tayin etilgan. Mazkur hukm ustidan Sarkozining advokatlari apellyatsiya tartibida sudga shikoyat arizasi kiritishgan.