BMTning Falastin yerlaridagi Oziq-ovqat dasturi direktori Antuan Renar G‘azo bo‘lgasida atigi bir yarim haftalik oziq-ovqat zaxirasi qolganidan ogohlantirdi. Bu haqda Financial Times gazetasi xabar berdi.
Jangovar harakatlar to‘xtamayotgani, insonparvarlik ko‘magi ikki hafta davomida cheklangani sabab oziq-ovqat taqchilligi xavfi ortgan.
BMT mulozimiga ko‘ra, oziq-ovqatning keskin kamayib ketgani ortidan 400 mingga yaqin g‘azolik ochlik muammosiga duch kelgan.
Mahalliy aholi Financial Times muxbiri biln suhbatda yegulik ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat o‘ta yomonlashganidan shikoyat qilgan.
Isroil insonparvarlik ko‘magi yetkazish cheklanganini rad etib, G‘azo bo‘lgasiga 50 ta yuk mashinasida oziq-ovqat va dori-darmon yetkazilganini ma’lum qilgan.
Avvalroq AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin va davlat kotibi Entoni Blinken Isroil rasmiylariga yo‘llangan maktubda G‘azoga har kuni 350 ta yuk mashinasida insonparvarlik ko‘magi o‘tkazishga ruxsat berish talabini qo‘ygandi. Vashington bu talab 30 kun ichida bajarilmasa, Isroilga harbiy ko‘mak cheklanishidan ogohlantirgan.
Xalqaro gumanitar tashkilotlar Qo‘shma Shtatlar qo‘ygan talabni olqishlagan.
AQSH va YIda terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan HAMAS harakati 2023-yilning 7-oktyabrida Isroil hududiga bostirib kirgandi. Hujum oqibatida 1200 ga yaqin isroillik halok bo‘lgan, 240 kishi garovga olingan.
Isroil armiyasi bunga javoban G‘azo bo‘lgasida keng ko‘lamli urush boshlagan.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, o‘tgan bir yil mobaynida 41 mingdan ziyod g‘azolik halok bo‘lgan.
Urushda yuzlab isroillik harbiylar va tinch aholi vakillari ham vafot etgan.