Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:57

Gruziya IIV: Norozilik aksiyasiga chiqqanlardan 60 dan ziyodi ushlandi


"Xorijiy agentlar"ga oid qonunga qarshi Tbilisidagi aksiyadan lavha, 2024-yil 30-apreli
"Xorijiy agentlar"ga oid qonunga qarshi Tbilisidagi aksiyadan lavha, 2024-yil 30-apreli

Gruziya parlamenti binosi oldidagi “xorijiy agentlar”ga oid qonuna qarshi mitingni tarqatishda 63 kishi qo‘lga olingan. Bu haqda Gruziya Ichki ishlar vazirligi ma’lumot tarqatdi.

Tbilisida 30-aprel oqshomida politsiya maxsus bo‘linmasi “Tashqi ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga qarshi aksiya ishtirokchilarga nisbatan maxsus vositalarni qo‘llagan. Gruziya muxolifati mazkur qonun loyihasini Rossiyadagi “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunining muqobili ekanini aytmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, kecha mitingchilar bilan to‘qnashuv chog‘ida politsiya suvotarlar, ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlarni ishga solgan. To‘qnashuv ortidan 20 dan ziyod muxolifat faoli Rustaveli shohko‘chasida navbatchilik qilayotgan “tez yordam” vrachlariga murojaat qilgan. Jabrlanganlar ko‘zlari qisman ko‘rmay qolganidan shikoyat qilishgan.

Ma’lumotlarga muvofiq, IIV maxsus bo‘linmalari mitingchilarni parlamenti binosi yaqinidagi maydondan siqib chiqarishgan. To‘qnashuv chog‘ida o‘ndan ziyod odam qo‘lga olingan. IIV aksiya ishtirokchilari “politsiyachilarga qarshi kuch qo‘llanib, so‘z va fikr erkinligini ifoda qilish me’yorlaridan tashqariga chiqishgan”ini bildirgan.

30-aprel kuni Gruziya parlamenti ommaviy norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan “xorijiy agentlarga qarshi” qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilolgan emas. Munozaralar yarim tungacha davom etgani ortidan muhokama 1-mayga qoldirilgan. Miting ishtirokchilari parlament binosidan chiqishlarning barchasini to‘sish va “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi vakillari uchun “sharmandalar yo‘lagi” tashkil qilishga uringani ortidan deputatlar binodan politsiyachilar kordoni kuzatuvida olib chiqilgan.

Norozilik tadbirida Mixail Saakashvilining “Birlashgan milliy harakat”, “Lelo” partiyasi va muxolifatning boshqa kuchlari ishtirok etgan. Ular “Rossiya qonuni”ning qabul qilinishi fuqarolik jamiyatiga qarshi qatag‘onlar mashru’lashtirilishiga, Gruziyani G‘arb tomon yo‘ldan boshqa yoqqa burib yuborilishiga va “Rossiya tomonidan yutib yuborilishi”ga sabab bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Qonun loyihasi tanqidchilari Kreml bu kabi hujjatdan o‘z muxoliflarining unini o‘chirish uchun foydalanayotganini urg‘ulaganlar. G‘arb mamlakatlari Gruziya parlamentida muhokama qilinayotgan chora fuqarolik jamiyatini nazorat qilishga qaratilganidan ogohlantirmoqda.

29-aprel kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolaridan ikki nafari — Jerri Konnolli va Ostin Skott Gruziya rasmiylarini “o‘z xalqiga quloq tutish” va bahsli qonun loyihasini qabul qilishdan voz kechishga chaqirgan. Bungacha AQSH Davlat departamenti va bir guruh senatorlar ham shu mazmundagi chaqiriq bilan chiqishgan edi.

“Putin xorijiy agentlar to‘g‘risidagi bu qonundan Rossiyada so‘z erkinligini keskin cheklash, fuqarolik jamiyatini qariyb yo‘q qilish hamda o‘zining diktatorlik boshqaruvini yanada mustahkamlash uchun foydalandi”, deya ta’kidlashgan Jerri Konnolli va Ostin Skott o‘z bayonotlarida.

“Gruziya orzusi” hukmron partiyasi tashabbusi bilan parlamentda ko‘rib chiqilayotgan “Tashqi ta’sir shaffofligi to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi ko‘p ming kishilik norozilik aksiyalari bir necha haftadan buyon davom etmoqda. Bu haqda Ozodlik avval ham bir necha marta xabar qilgan.

XS
SM
MD
LG