Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:37

Gruziyaliklarning qariyb 70 foizi Rossiyani “dushman” deb biladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Gruziyada fuqarolarning 69 foizi Rossiyani o‘z mamlakatining dushmani, deb hisoblaydi. “Kavkazskiy barometr — 2024” tadqiqoti doirasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari shundan dalolat bermoqda.

Mazkur ko‘rsatkich yildan-yilga o‘sib bormoqda: 2021-yildagi shu kabi tadqiqotda gruziyaliklarning 66 foizini Rossiyani asosiy dushman deb bilishi ma’lum bo‘lgan. 2019-yili bu ko‘rsatkich 49 foizni, 2017-yilda 40 foizni, 2012-yilda esa 35 foizni tashkil qilgan edi.

So‘rov chog‘ida so‘ralganlarning bor-yo‘g‘i to‘rt foizi AQSHni Gruziyaning asosiy dushmani deb bilishini aytgan. Turkiyani dushman deb biladiganlar soni esa bundan ham ikki baravar (bor-yo‘g‘i 2 foiz) kam.

Boshqa tomondan esa so‘ralganlarning 24 foizi AQSHni Gruziyaning eng yaqin do‘sti deb bilishini aytgan. Do‘st mamlakatlar orasida ikkinchi o‘rinni Ozarbayjon (8 foiz), uchinchi o‘rinni Ukraina (7 foiz) egallagan. Ulardan keyin do‘st mamlakatlar o‘laroq Turkiya, Germaniya va Armaniston kabilar sanalgan. So‘ralganlarning ikki foizigina Rossiyani Gruziyaning do‘sti deb bilishini aytgan.

Ayni paytda so‘ralganlarning chorak qismidan ko‘prog‘i (26 foiz) Gruziyaning umuman do‘sti yo‘q, degan fikrda.

So‘rov yuzma-yuz intervyu shaklida joriy yilning 16-aprelidan 13-mayida Gruziyaning butun hududlari bo‘ylab o‘tkazilgan, biroq o‘zini Gruziyadan mustaqil deb e’lon qilgan Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlari bundan mustasno.

So‘rovda jami 1509 kishi ishtirok etgan, ular orasida armanlar zich yashaydigan Samsxe-Djavaxeti hamda ozarbayjonlar zich yashaydigan Kvemo Kartli o‘lkalari ham bo‘lgan. So‘rov gruzin, armani va ozarbayjon tillarida olib borilgan.

XS
SM
MD
LG