Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:24

Gulen izdoshlari uning vafot etganini e’lon qilishdi


Fathulloh Gulen
Fathulloh Gulen

Turkiyalik imom Fathulloh Gulenning izdoshlari uning vafot etganini e’lon qilishdi. Turkiyada terror tashkiloti (FETO) o‘laroq tan olingan harakat rahbari, yozuvchi va jamoatchilik arbobi Fathulloh Gulen so‘nggi yillarda AQSHda yashab kelayotgan edi.

Gulen jamoatiga yaqin ko‘rilgan Herkul portali xabariga ko‘ra, u 20-oktyabr kuni Pensilvaniyadagi klinikada vafot etgan. 83 yoshli vafotiga oid ma’lumotni uning jiyani Ebuseleme Gulen tasdiqladi, deya xabar qildi CNN Türk telekanali.

Gulenning vafotiga oid boshqa tafsilotlar keltirilmayapti.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2016-yili Fathulloh Gulen tarafdorlarini davlat to‘ntarishi uchun til biriktirganlikda ayblab chiqqan. O‘sha yili 15-iyuldan 16-iyulga o‘tar kechasi Turkiyada harbiy to‘ntarish urinishi bo‘lib o‘tgan: Istanbul va Anqara ko‘chalarida qurolli kishilar, tanklar paydo bo‘lgan, osmonda harbiy uchoqlar uchib yurgan. O‘sha paytda 250 dan ziyod odam nobud bo‘lgan, ko‘plab harbiy sudsiz-so‘roqsiz jazoga tortilgan.

Isyon bostirilganidan ko‘p o‘tmay gulenchilarni yoppasiga hibsga olinish boshlangan.

Gulenchilar o‘zlarini bolalarga dunyoviy va diniy ta’lim berish birlashmasi o‘laroq taqdim etishadi. Ularga tegishli Hizmet harakati o‘zining bosh maqsadi jamiyatga xizmat qilishi kerak bo‘lgan musulmonlarning yangi avlodini tarbiyalash ekanini aytib kelgan. Turli manbalarda harakat o‘zining patsifist (urushlarga qarshi) ekanini va madaniy-ta’limiy yo‘nalishda faoliyat olib borishga sodiq ekanini urg‘ulagan.

Erdo‘g‘on va Gulen uzoq muddat davomida hamkorlik qilib kelishgan, biroq ularning har biri o‘z yo‘lidan ketgan. Erdo‘g‘on o‘zining “Adolat va taraqqiyot partiyasi”ni tuzganida Gulen o‘zining ommaviy harakatini tuzgan, harakat a’zolari imomlariga topinish darajasida sodiq edilar. Bugungi kunda dunyodagi 150 dan ziyod mamlakatda Gulen tarafdorlari tomonidan ochilgan taqriban 1400 ta maktab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

1999-yili Fathulloh Gulen davolanish uchun AQSHga jo‘nab ketgan va o‘shandan beri ta’qibdan cho‘chib, o‘z mamlakatiga qaytmagan. Qaysi bir paytda Erdo‘g‘on hatto Gulenni vataniga qaytishni chaqirgan, biroq u buning xavfsiz ekaniga amin bo‘lolgan emas.

XS
SM
MD
LG