O‘zbekistonda hokimlarning mahalliy kengashlarga raislik qilishi taqiqlanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 17-oktyabr kuni imzolangan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga- oid qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritishga doir qonunda shunday talab ilgari surilgan.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 23-iyulida qabul qilingan, yuqori palata 20sentyabr kuni uni ma’qullagan.
2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiq ishlab chiqilgan qonunga ko‘ra, tuman (shahar, viloyat) hokimi va xalq deputatlari kengashi raisi lavozimlari bo‘lindi.
Hozirga qadar hokimlar o‘z hududida vakillik va ijro etuvchi hokimiyatni bir vaqtning o‘zida boshqarib kelmoqda.
Xalqaro tashkilotlar buni hokimiyatning o‘zaro tiyib turish va raqobat tamoyillariga zid ekanini aytib keladi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu o‘zgarish viloyatlar va Toshkent shahri kengashlari hamda hokimlari uchun joriy yil 27-oktyabridagi saylovidan keyin, tuman va shahar kengashlari hamda hokimlari uchun esa 2026-yil 1-yanvaridan e’tiboran kuchga kiradi.
Yangi qonunda bir viloyat, tuman, shahar hokimi yo kengashi raisi lavozimini ikki yildan ortiq muddatda ketma-ket egallash taqiqlanishiga oid band ham mavjud.
Hokimlarning kengash deputati bo‘lish va shu orqali Senat a’zoligiga saylanish vakolati qoldirilgan. Shuningdek, ularga kengashning qonunga zid qarorlarini bekor qilish uchun Senatga yoki sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda.