2024-yil davomida O‘zbekistondagi ma’muriy sudlar viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan imzolangan qarorlarning 933 tasini qonunga zid bo‘lgani bois bekor qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati e’lon qilgan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarga doir axborotda so‘z boradi.
Hisobot davrida ma’muriy va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan shikoyat qilishga oid 6991 ta ish ko‘rib chiqildi. Xususan, hokim qarorini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ko‘rib tamomlangan ishlar soni 2720 tani tashkil qilgan.
Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov Daryo.uz nashriga qarorlari bekor bo‘lgan hokimlar reytingida Toshkent (143 ta), Samarqand (128 ta) hamda Jizzax (113 ta) viloyatlari yetakchi o‘rinda ekanini ma’lum qilgan.
Bir muddat avval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov O‘zbekistonda hokimlar qarorlarning 30 foizdan ortig‘i yopiq holda qabul qilinayotganidan yozg‘irgandi. Unga ko‘ra, yopiq qarorlarning aksari davlat xaridlari yoki budjet mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq bo‘lib, hujjatlar noqonuniy ravishda yopiq tartibga o‘tkazilmoqda.
Mahalliy matbuot muqaddam noqonuniy qaror qabul qilgan hokimlarni moddiy javobgarlikka tortishni taklif etgan edi.