Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 03:32

Huquqbon Tashanov aeroportda tahqirli muomalaga duch keldi


“Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov
“Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Toshkent xalqaro aeroportida tahqirli tekshiruvga ro‘baro‘ bo‘ldi. Bu haqda huquq faolining o‘zi Feysbukdagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Tashanovga ko‘ra, Dehliga uchib ketish oldidan Islom Karimov nomidagi aeroportda uning shaxsiy ashyolari solingan jomadonini titib tashlashgan, pasportini olib qo‘yib, bir soatdan ko‘proq ushlab turishgan.

“Yechintirib, chotimgacha tekshirishdi. O‘ta haqoratomuz munosabatda bo‘lishdi. Kimga shikoyat qilaman, hatto bilmayman”, deb yozdi taniqli huquqbon.

Tashanov aeroport xodimlarining yuz-ko‘zida xijolatchilik sezganini, “Aka, xizmatchilik, sizni taniymiz”, deyishganini qayd etdi.

“Huquq himoyachisi bo‘la turib, o‘zgalar huquqini himoya qilib, sharafsizlar oldida ojiz qoldim. Sog‘lig‘imga putur yetdi, o‘tgan hafta shifoxonadan chiqqandim", deb yozdi “Ezgulik” rahbari.

Abdurahmon Tashanovga nisbatan Toshkent aeroportida qilingan tahqiromiz muomala ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida faollarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Xususan, taniqli huquqshunos Botirjon Shermuhammad “Abdurahmon Tashanovni Toshkent aeroportida tahqirlagan xodimlar ertaga huquqlari buzilsa, shu odamga murojaat qilishadi”, deb yozdi.

“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni rasmiy Toshkent pozitsiyasidan turib emas, balki xalqaro inson huquqlari me’yorlari talabidan kelib chiqqan holda yoritib kelayotgan kam sonli huquqbon va jurnalistlardan biridir. U mamlakatda yuz berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarga kechikmay munosabat bildirib keladi. Masalan, kuni kecha u sobiq deputat va faol Qobul Do‘sovning qamoqqa olinishiga munosabat bildirib chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG