Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:21

Huquqbonlar Mo‘g‘ulistonni Putinni hibsga olishga chaqirishdi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2-sentyabr kuni Mo‘g‘ulistonga yetib borgan. Bu haqda Rossiya axborot agentliklari xabar qilishdi.

Avvalroq Putin SSSR va Mo‘g‘uliston qo‘shinlarining Xalxin-Gol daryosida Yaponiya Qurolli kuchlari ustidan birgalikdagi g‘alabasining 85 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun 3-sentyabr kuni Mo‘g‘ulistonga safar qilajagi xabar qilingandi. Uni Mo‘g‘ulistonga mamlakat prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux taklif qilgan.

Bu Putinni hibsga olish haqida Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan order berilgan o‘tgan yilning mart oyidan buyon uning Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatga ilk safaridir. Rossiya prezidenti ukrainalik bolalarni Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan hududga noqonuniy ravishda olib chiqib ketganlikda ayblanmoqda.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkilotining safar arafasida yoyinlagan bayonotida Mo‘g‘uliston yo Vladimir Putinni mamlakatga kiritishdan bosh tortishi, yoxud u mamlakatga kirib kelgan taqdirda, Xalqaro jinoyat sudi orderi asosida uni hibsga olishi lozimligi aytilgan.

Huquqbonlar, agar Mo‘g‘uliston Putinning mamlakatga safar qilishiga imkon bersa va uni o‘sha yerda hibsga olmasa, xalqaro XJSga a’zo mamlakat o‘laroq o‘z xalqaro majburiyatlarini buzishini qayd etishgan. HRW vakillariga ko‘ra, Putinni qabul qilish Rossiya kuchlari jinoyatlarining ko‘plab qurbonlari xotirasini haqoratlabgina qolmay, qonun ustuvorligining eng muhim prinsipiga ham putur yetkazadi.

Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Ulan-Bator Putinni mamlakatga kelgan paytda qo‘lga olinmasligiga ishontirgan.

Mo‘g‘uliston XJSga 2003-yilda a’zo bo‘lgan. Kelishuvga ko‘ra, mamlakat sud bilan hamkorlik qilishga, shu jumladan o‘z hududiga kirayotgan har qanday gumonlanuvchini hibsga olib, XJSga topshirishga majbur.

Human Rights Watch o‘tgan yil avgustida Putin BRIKS liderlarining Janubiy Afrikadagi yillik sammitiga borishi kerak bo‘lgani, pirovardida Rossiya prezidentining XJS yurisdiksiyasini tan oladigan bu mamlakatga safari bekor qilinganini eslatgan.

Huquqbonlar iddaosiga ko‘ra, Putin safari Mo‘g‘uliston XJSni dastaklashdan bosh tortganini ham anglatadi.

Bu orada Urushga qarshi huquqbonlik koalitsiyasi ham Change.org platformasida Mo‘g‘uliston rasmiylarini Putinni qo‘lga olishga chaqirgan. Hujjatni imzolaganlar orasida rossiyalik muxolifatchi Vladimir Kara-Murza, filantrop Boris Zimin, aktyor Artur Smolyaninov, jurnalist Yevgeniy Kiselyovlar bor.

“Agar siz bu ish amalga oshirsangiz, Mo‘g‘uliston birdaniga uch mamlakatni – Ukraina, Belarus va Rossiyani ozod qilgan bo‘ladi. Bu mamlakatlarda odamlarning azob-uqubatiga chek qo‘yiladi, siz esa o‘zingizni xaloskor shon-shuhratiga abadiyan burkaysiz”, deyilgan petitsiyada.

Putin Xalqaro jinoyat sudi tomonidan hibsga olinishi uchun order berilgan amaldagi davlat rahbarlarining uchinchisi bo‘lib hisoblanadi. Bungacha XJS 2008-yili Sudan prezidenti Umar al-Bashirga, 2011-yili esa Liviya lideri Muammar Qaddofiyga nisbatan order berilgan edi.

XS
SM
MD
LG