Xalqaro huquqbonlik tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari Eron rasmiylarini 2024-yil 19-dekabrida hibsga olingan italiyalik jurnalist Chechiliya Salani ozod qilishga chaqirishmoqda.
Italiyaning Il Foglio gazetasi muxbiri bo‘lgan jurnalist ayol Eronning mashhur Evin qamoqxonasida saqlanyapti. 29 yoshli Sala Eronda jurnalistlar uchun beriladigan viza asosida yurgan va 20-dekabr kuni Italiyaga qaytishi kerak bo‘lgan.
"Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) Salaning qamoqxonaga tashlanishi Tehron tomonidan mamlakatda mustaqil jurnalistika ayovsiz bostirilayotganini ta’kidlashini bildirdi", deb yozgan “Amerika ovozi”ning rus xizmati.
Eron qamoqxonadagi jurnalistlar soni bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egallaydi. 2024-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, ular soni 16 nafar bo‘lgan.
Eron Chechiliya Sala qo‘lga olinganini tasdiqlagan. IRNA davlat axborot agentligi u “Eron Islom Respublikasi qonunlarini buzgani” uchun ushlangani haqida xabar qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, Chora Media podkast-shirkati uchun ham ishlaydigan Sala bir kishilik kamerada tutib turilibdi.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ofisi bosh vazir “bu murakkab ishni diqqat bilan kuzatayotgani” va Salani ozod qilish bo‘yicha “muloqot uchun har qanday ehtimoliy yo‘l”ni qidirayotganini ma’lum qilgan. Italiya tashqi ishlar vaziri esa Sala sog‘-salomat ekani va uni uyga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini bildirgan.
Qarorgohi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti, aftidan, Sala o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olingani haqida bayonot bergan.
Vashingtondagi milliy press-klub Salaning yakka holda tutib turilganini qoralagan.
“Salaning qamoqqa tashlanishi bu haqiqat izlash yo‘lida jurnalistlar qanday xatarlarga duch kelayotgani to‘g‘risidagi eslatmadir. Uning qo‘lga olinishi matbuot erkinligi uchun haqorat va xalqaro me’yorlarning buzilishidir”, deya bildirgan klub prezidenti Emili Uilkins.
Sala Italiya rasmiylari Milanda Shveysariya va Eron fuqarosi bo‘lgan tadbirkor Muhammad Obidiniy Najafobodiyni AQSH so‘roviga ko‘ra hibsga olganidan bir necha kun o‘tib qo‘lga olingan. AQSH Adliya vazirligi versiyasiga ko‘ra, tadbirkor Qo‘shma Shtatlarning sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunlarini buzganlik va terror tashkilotini dastaklaganlikda ayblanmoqda. Bu dastak pirovardida Iordanidagi dron hujumi natijasida uch nafar amerikalik harbiy o‘limiga olib kelgan.
AQSH Davlat departamenti vakili Italiyaning La Repubblica gazetasiga, amerikalik diplomatlar fikricha, Sala Najafobodiyning hibsga olinishiga javoban hibsga olinganini bildirgan.