Yaman hududining bir qismini nazorat qiluvchi “Ansorulloh” (husiylar) eronparast guruhi 2023-noyabrida egallab olingan “Geleksi Lider” kemasida ishlagan dengizchilar ozod qilinganini bildirdi. Guruh bayonotiga muvofiq, kema komandasining 25 nafar a’zosi Ummon vositachiligida ozod qilingan. Ular orasida Ukraina, Filippin, Bolgariya, Ruminiya va Meksika fuqarolari bor.
Husiylar G‘azo sektorida HAMAS guruhiga (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) qarshi amaliyot olib borayotgan Isroil bilan kurashish maqsadida Isroilga aloqador bo‘lgan yoki bu mamlakatga ketayotgan kemalarni egallab olishi yoki cho‘ktirishi haqida e’lon qilganlaridan keyin ko‘p o‘tmay Qizil dengizda “Geleksi Lider” yuk tashuvchi kemasini egallab olishgan edi. Ular Bagama orollari bayrog‘i ostida suzib yuruvchi mazkur kema isroillik milliarder Abraxam Ungarga aloqadorligini iddao qilishgan. Kema vertolyot bilan desant tushirilganidan keyin husiylar tomonidan egallab olingan va o‘shandan buyon tutib turilibdi.
O‘shandan buyon Yaman sohillarida jami yuzga yaqin tijorat kemasi husiylar hujumiga uchragan. Shu tufayli dunyodagi yirik savdo shirkatlari o‘z kemalarining harakat yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lishgan. 20-yanvar kuni husiylar G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilgani munosabati bilan bundan buyon faqat Isroil kemalarini hadaf olib, qolgan kemalarga hujumni cheklashlari mumkinligini bildirishgan.