O‘zbekistonda “Whats” nomi bilan moliyaviy piramida tashkil qilib, fuqarolarning katta miqdordagi mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil avgust oyidan oktyabriga qadar Buxoro shahrida tashkil etilgan “Whats” platformasi bo‘yicha 500 nafardan ziyod fuqarodan murojaat kelib tushgan. Mazkur guruh yetkazgan zarari miqdori 4 milliard so‘mni tashkil qilmoqda.
“Kun.uz” nashrining aniqlik kiritishicha, moliyaviy piramida egalari “Whats” nomli platforma tashkil qilib, “qadam”larni sotib olish uchun 120 dollardan 17 ming dollargacha pul tikishni, har bir yangi a’zo uchun 12 foiz bonusga ega bo‘lishni taklif qilgan.
Qayd etilishicha, platforma ijtimoiy tarmoqlarda faol targ‘ib-tashviq qilingan. Xususan, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mahalliy blogerlar va vaynerlarning targ‘ibot mazmunidagi videolari uni yanada ommalashtirgan.
Tahlillarga ko‘ra, keyingi yillarda internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda moliyaviy piramida tashkil etishga urinishlar soni ortgan.