Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tuman sudi ko‘p sonli fuqarolarni chuv tushirgan avtosalonchilarga hukm o‘qidi.
Kun.uz nashrining sud hukmiga tayangan holda yozishicha, jinoiy guruh jozibali reklamalar orqali ishsiz, tayinli daromadi yo‘q fuqarolarni birgalikda daromad olishga qiziqtirgan.
Shu tariqa 100-500 dollar evaziga jami 203 kishi nomiga bankdan avtomobil uchun 200-300 million so‘mdan kredit olingan. Kredit mablag‘larini esa sxema tepasida turgan shaxslar o‘zlashtirgan.
Odamlar ikki oy ichida Xitoydan avtomashina olib kelinib, qayta sotilishi va tushgan mablag‘ hisobiga kredit to‘liq yopilishiga ishontirilgan. Yetkazilgan umumiy zarar miqdori 62 milliard so‘mni tashkil etgan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchilar Zohid Tog‘ayev va Dilshod Eshonqulov 9 yil, Obidxon To‘rayev va Vahobjon Muharamxo‘jayev 8,5 yil, Nozimjon Aslonov 8 yil 1 oy, Sherbek Ozodbekov 2 yil muddatga davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 4 yil 2 oy muddatga qamalgan. Ular Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a, v bandlari (juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab firibgarlik sodir etish), 228-moddasi 2-qismi a, b bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan aybdor deb topilgan.
Yetkazilgan zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilangan.
O‘zbekistonda odamlarning avtomobil olib berish va’dasiga ishonib, millionlab so‘m mablag‘idan ajralib qolishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.
Ozodlik joriy yil yanvar oyida Toshkent shahri Yangihayot tumani IIB “Umid avto companies” MCHJ mansabdorlariga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani haqida xabar qilgan edi.
2024-yil dekabr oyida esa Shayxontohur tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Halal Auto Leasing kompany” MCHJ mansabdorlariga ham xuddi shunday ayblov ilgari surilgandi.