Tesla shirkati sohibi Ilon Mask Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga Cybertruck elektromobilini sovg‘a qilganiga oid ma’lumotni rad etdi.
“Sen chindan ham rus generaliga Cybertruck sovg‘a qilishim mumkinligini o‘ylash darajasida ovsarmisan? <...> Bu an’anaviy OAV naqadar yolg‘onchi ekaniga yana bir misoldir”, deb yozgan Mask X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan birining postiga javoban. Foydalanuvchi o‘z postida nima uchun tadbirkor AQSH sanksiyalari ostida bo‘lgan mamlakatga “harbiy maqsadlarda foydalanishga hozir bo‘lgan avtomobillar yetkazib berayotgan”i va “ochiqdan-ochiq AQSHga qarshi ishlayotgan”i haqida savol bergan edi.
Avvalroq Ramzan Qodirov ustiga pulemyot o‘rnatilgan Cybertruck avtomobilida Grozniy shahri bo‘ylab ketayotgani aks etgan videoni yoyinlagandi. Checheniston rahbari Tesla Cybertruck elektromobilini “hurmatli Ilon Maskdan” olganini bildirgan.
“Juda qulay mashina ekan. Shunaqa ajoyib xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, kibertrak yaqinda tegishli sharoitda ehtiyoj bo‘lgan MHA (maxsus harbiy amaliyot, rossiyalik rasmiylari Ukrainaga qarshi urushni shunday deb atashadi — tahr.) hududiga yo‘llanadi”, deb yozgan Checheniston rahbari. U Maskni Grozniyga taklif qilgan.
Qodirov va Mask 2022-yil bahorida amerikalik milliarder Rossiya prezidenti Vladimir Putinni jangga chorlagani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda ommaning ko‘z o‘ngida muloqotda bo‘lishgan. Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan keyin AQSH va YI Moskvaga hashamat ashyolari, shu jumladan avtomobillar yetkazishni taqiqlab qo‘ygan edi. Rossiyada Cybertruck narxi 13 million rubldan 35 million rublgachadir. Bunday avtomobilning birinchisi Moskvada 2024-yilning may oyida paydo bo‘lgan.
2019-yilning sentyabr oyida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko ham Mask unga mashina sovg‘a qilganini aytgan edi.
“Menda Tesla elektrik mashinasi bor, men ba’zida uni sinab turaman. Mask sovg‘a qilgan”, deya iddao qilgandi u.
O‘sha paytda Tesla Lukashenkoning so‘zlari yuzasidan raddiya bergan.