Iqtisodiyot bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofotiga Massachusets texnologiyalar instituti va Chikago universiteti professorlari Daron Ajemo‘g‘li, Saymon Jonson va Jeyms Robinson loyiq deb topildi.
Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasiga ko‘ra, uch olim institutlar qanday shakllanishi va ularning farovonlikka ta’sirini o‘rganish bo‘yicha izlanishlari uchun mukofotlanmoqda.
Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” deb nomlangan kitobi bilan tilga tushgan. O‘zbek tiliga ham o‘girilgan mazkur salmoqli tadqiqotda nega ayrim mamlakatlar qashshoqlikda, yana ayrimlari farovonlikda yashaydi degan savolga javob izlangan.
Institutsional iqtisodiyot yo‘nalishi asoschisi sanalgan ikki olimning risolalari “so‘nggi yarim asrda iqtisodiyot va siyosat mushtarak tahlil etilgan sara asarlar” deb e’tirof etilgan.
2007-2008-yillarda Xalqaro valyuta jamg‘armasida bosh iqtisodchi lavozimida faoliyat yuritgan Saymon Jonsonning “Jahonni boshqarayotgan 13 bank” nomli ilmiy-ommabop asari ham dunyo bo‘ylab qo‘lma-qo‘l o‘qilgan.
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 1968-yilda Shvetsiya banki tomonidan ta’sis etilgan.
Ushbu yo‘nalish g‘oliblarining e’lon qilinishi bilan Nobel–2024 haftasi yakunlanmoqda.
Sovrindorlarni taqdirlash marosimi an’anaga muvofiq 10- dekabr kuni, Alfred Nobel vafot etgan sanada o‘tkaziladi.