Qirg‘iziston iqtisodiyot va tijorat vaziri Daniyar Amangeldiyev o‘z mamlakati zimmasidagi majburiyatlarni bajarayotgani va xalqaro sanksiya ostiga tushgan tovarlarning mamlakatga olib kirilishiga yo‘l qo‘ymayotganini bildirdi. Ozodlikning qirg‘iz xizmati xabariga ko‘ra, bu haqda vazir 3-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilgan.
Amangeldiyevga ko‘ra, bu kabi tovarlar Qirg‘iziston chegarasidan o‘tgan emas.
“Bizning muayyan cheklovlar bilan bog‘liq majburiyatlarimiz bor. Bu tovarlar hech qachon bizning mamlakatga kirmagan va bizning hududimizdan o‘tmagan”, deya qayd etgan u.
Vazir savdo-sotiqdagi shaffoflikni ta’minlash uchun Qirg‘izistonda Savdo kompaniyasi tuzilgani, u sanksiya ostidagi tovarlar mamlakatga olib kirilmasligini nazorat qilishini qo‘shimcha qilgan.
Qirg‘iziston Savdo kompaniyasi avgust oyi oxirida mamlakat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tuzilgan edi. Iqtisodiyot vazirligi vakillari avvalroq mazkur kompaniya tovarlari Qirg‘iziston hududiga olib kirilmayotgan mahalliy shirkatlar ishtirokidagi savdo-sotiq oqimlari monitoringini amalga oshirish uchun tashkil etilganini ma’lum qilishgan.
“Mazkur kompaniyaning tashkil etilishi yuqorida qayd etilgan savdo-sotiq faoliyatini tartibga solishi hamda savdo bitimlarining bu kabi turlari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar nazorati uchun vosita bo‘lib xizmat qilishi lozim”, deyishgan vazirlik vakillari.
AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hozirgacha Qirg‘izistonga nisbatan hech qanaqa sanksiya joriy etgan emas. Biroq g‘arb mamlakatlari Qirg‘izistonning bir necha xususiy shirkatiga nisbatan cheklovlar kiritgan. Avvalroq AQSH Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlar va qo‘sh maqsadli tovarlar yetkazib bergani uchun kamida yettita shirkatga nisbatan sanksiya joriy etgan edi.
2024-yilning iyun oyida Qirg‘izistondan bo‘lgan ikki shirkat — “Myuller Markt” va “ProffLab” MCHJ Yevropa Ittifoqining sanksiya ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum bo‘lgan edi. Oldinroq AQSH Moliya vazirligi tomonidan cheklov kiritilgan bu ikki shirkat Rossiyaga sanksiya ostiga tushgan tovarlarni yetkazib berganlari aytilgan.