Isroil armiyasi (SAXAL) G‘azo sektori shimolidagi Jabaliya hududida AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhiga qarshi yangi amaliyotni boshlagan.
SAXAL xabarnomasida isroillik harbiylar mintaqada qurolli jihodchilar va ularning infratuzilmasini topishgani aytilgan. SAXAL vakillari Isroil aviatsiyasi HAMASning qurol-aslah omborlari, yerosti infratuzilmasi va boshqa obyektlari doxil o‘nlab harbiy nishonlarga hujum qilganini bildirishgan.
Isroillik harbiylarga ko‘ra, Falastin guruhi Jabaliya hududida o‘zining operativ salohiyatini tiklashga urinmoqda.
HAMAS nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, isroillik harbiylar bergan zarbaga sobiq maktab va masjid nishon bo‘lgan. Iddaoga ko‘ra, zarbalar oqibatida 26 kishi nobud bo‘lgan, o‘nlab odam yaralangan. Bombalangan masjid G‘azoning markaziy qismidagi Dayrulbalah shahrida joylashgan. SAXAL tomonidan yoyinlangan xabarnomada sobiq maktabga hujum ham o‘sha hududda amalga oshirilgani aytilgan. Isroilliklar iddaosiga ko‘ra, HAMAS har ikki binodan qo‘mondonlik va nazorat markazlari sifatida foydalanib kelishgan.
Isroil armiyasi G‘azo sektorida galdagi reydini HAMAS tomonidan Isroil janubiga amalga oshirilgan hujumning bir yilligi arafasida boshlagan. 2023-yil 7-oktyabrida HAMAS vakillari tomonidan amalga oshirilgan mazkur hujumda mingdan ziyod odam o‘ldirilgan, 250 chog‘li odam garovga olinib, G‘azoga haydab ketilgan edi.
Garovdagilarning bir qismi Isroilning HAMAS bilan bitimi doirasida ozod qilingan. Ayni paytda garovda yuzga yaqin odam qolgani, ulardan qirqqa yaqini o‘lgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.