Isroil Irlandiyaning eng yirik shahri bo‘lgan Dublindagi o‘z elchixonasini yopdi. Bunga oid qarorni Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar ochiqladi.
TIV rahbariga ko‘ra, “Irlandiya tomonidan amalga oshirilayotgan antisemitcha xatti-harakatlar va ritorika yahudiy davlatining delegitimizatsiyasi (nomashru’lashtirish) va demonizatsiyasiga (shaytonlashtirish), qo‘sh standartlarga asoslangan”. Saar “Irlandiya Isroil bilan munosabatlarda qizil chiziqlarning barchasidan o‘tib ketdi”, deya qo‘shimcha qilgan.
May oyida Irlandiya Ispaniya va Norvegiya bilan birgalikda mustaqil Falastin davlatini rasman tan olgan, bundan Isroil rahbariyati g‘azablangan edi.
O‘tgan haftada Irlandiya G‘azo sektorida falastinliklar genotsid qilinayotganiga oid ayblov bilan Janubiy Afrika respublikasi tomonidan BMT Xalqaro sudiga topshirilgan da’vo arizasiga qo‘shilgan. Arizada mamlakat rasmiylari davlat tomonidan amalga oshirilgan genotsid tushunchasi sharhlovini kengaytirishni ham taklif qilishgan. Isroil bu ayblovlarni qat’iyan rad etib kelmoqda.
Xalqaro sud da’vo arizasini ko‘rib chiqish uchun qabul qilgan, uni ko‘rib chiqish kamida bir necha yil davom etishi kutilmoqda.