Isroil Suriyadagi 250 dan ziyod obyektga zarbalar bergan. Bu haqda SAXALga tegishli Galey radiosi xabar qildi.
Qayd etilishicha, hujum nishoni harbiy bazalar, o‘nlab qiruvchi uchoqlar, havo-raketa majmualari, ishlab chiqarish maydonlari va raketa omborlari bo‘lgan.
Qarorgohi Londonda bo‘lgan Suriya inson huquqlariga rioya qilinishi ustidan monitoring markazi (SOHR) ham ana shu raqamni keltirmoqda. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 48 soat ichida Isroil harbiy-havo kuchlari bombardimonlari oqibatida qulatilgan Bashar Asad rejimining o‘ta muhim bo‘lgan harbiy obyektlari, jumladan Ham, Xoms va Rossiya harbiy bazalari joylashgan Latakiyadagi bazalar yo‘q qilingan.
Xususan, Isroil Latakiya yaqinida havoga qarshi mudofaa obyektiga zarba berib, Suriya harbiy-dengiz kuchlari kemalariga hamda harbiy omborlarga shikast yetkazgan. Damashq va uning atroflarida harbiy obyektlarga, tadqiqot markazlariga va radioelektron kurash boshqarmasiga ham zarbalar berilgan.
AFP muxbirlari 10-dekabr tongida Damashqda kuchli portlashlar kuzatilgani haqida xabar qilishgan. Isroilning Suriyadagi yirik havo bazalariga zarbalar berilgani hamda Suriya harbiy-havo kuchlari uchoq va vertolyotlari yo‘q qilingani haqida Reuters va Al Arabiya manbalari ham ma’lum qilishgan.
Sakkizinchi dekabr kuni Isroil harbiylari 1973-yildan buyon ilk bor qurolsizlantirilgan chegaraoldi hududidan o‘tib, G‘o‘lon tepaliklaridagi Isroil va Suriya pozitsiyalari o‘rtasidagi bufer hududiga kirishgan hamda “tepaliklar yaqinidagi strategik pozitsiyalar”ni egallashgan. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bildirgan.
1967-yildagi urush chog‘ida ishg‘ol etilgan G‘o‘lon tepaliklarini Isroil o‘z hududi deb hisoblaydi. Dunyodagi mamlakatlarning aksariyati haligacha G‘o‘lon tepaliklarini Suriya hududi deb tan oladi. Isroil qo‘shinlari hozirda Isroilning o‘zi rasman Isroilniki emas deb e’lon qilgan hududlarga kirib olishgan.
Al Mayadeen telekanali muxbirining xabar qilishicha, Isroil tanklari Damashqdan 55 kilometr narida joylashgan Al-Qunaytra sharhi yaqinidan o‘tib, Suriya poytaxti tomoni harakatlanmoqda. Manbalarga ko‘ra, hozirda ular Damashqdan 20 kilometr olislikda turishibdi.
Damashq va mamlakatning kattagina qismi ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan Suriya muxolifati ichida Isroil bilan kurashni davom ettirmoqchi ekanini bildirayotgan kuchlar muhim rol o‘ynashadi. Ular orasida AQSHda terror tashkiloti o‘laroq tan olingan “Hay’at Tahrir ush-Shom” guruhi ham bor.