Линклар

Шошилинч хабар
21 Iyul 2026, Toshkent vaqti: 18:49

Isroil uchoqlari yana Bayrutga zarba berdi

Isroil aviatsiyasi tomonidan Bayrutga berilgan zarbalar oqibatlari, 2024-yil 23-oktyabri
Isroil aviatsiyasi tomonidan Bayrutga berilgan zarbalar oqibatlari, 2024-yil 23-oktyabri

Isroil aviatsiyasi 23-oktyabr kuni Bayrutga navbatdagi havo zarbasini berdi. Raketalardan biri Eron elchixonasi yaqinida portlagan. Axborot agentliklari kuchli yong‘in kadrlarini yoyinlashgan.

O‘z navbatida, Livanning “Al-Mayadin” telekompaniyasi aviazarba tahririyat joylashgan ofisga berilganini xabar qilgan. Telekanal hujumni “vahshiylarcha” deb atab, Isroil tomonidan Livan muntazam ravishda bombalanishi boshlanganidan buyon ishni davom ettirish uchun barcha xodimlar boshqa joylarga ko‘chirilganini qayd etgan.

Isroil armiyasi (SAXAL) Bayrutning o‘qqa tutilishi yuzasidan hali izoh berganicha yo‘q. Isroil nashrlari SAXAL hujum oldidan livanliklarni zarba berilishi mo‘ljallangan hududlarni tark etishga chaqirgani haqida yozmoqda.

Bundan tashqari, isroillik harbiylar chorshanba kuni Livan tomonidan Isroilga — asosan mamlakat shimoliga qarata 135 ga yaqin raketa otilganini ma’lum qilishgan.

Isroil armiyasi poytaxt Bayrut doxil Livan hududini sentyabr oyi oxiridan buyon muntazam ravishda o‘qqa tutib kelmoqda. Isroil hujumlar hadafi eronparast “Hizbulloh” guruhi infratuzilmalari ekanini aytib keladi. Mazkur guruh Isroil va AQSHda terror tashkiloti deb tan olingan. Yevropa Ittifoqi guruhning harbiy qanotini terror tashkiloti deb biladi, “Hizbulloh” siyosiy partiyasi esa YI nazdida terror tashkiloti emas.

“Hizbulloh” Falastindagi HAMAS guruhining (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) 2023-yil 7 oktyabridagi Isroil janubiga hujumining ertasiga Isroil hududiga raketalar otgan. O‘shandan buyon Isroil-Livan chegarasida qariyb har kuni otishmalar sodir bo‘lib turibdi. Har ikki mamlakatning chegaraoldi hududlaridan o‘n minglab odam evakuatsiya qilingan.

Isroil Livanning “Hizbulloh” guruhiga qarshi “Shimol nishlari” amaliyotini 23-sentyabr kuni boshlagan. Amaliyotdan maqsad terror tashkilotining harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish va Isroil shimolidagi uylarini tashlab ketgan isroilliklarni ortga qaytarish uchun shart-sharoit yaratish ekani aytilgan.

XS
SM
MD
LG