Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2025, Тошкент вақти: 04:27

Isroillik ravvin o‘limida gumonlangan o‘zbekistonliklar qo‘lga olindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Birlashgan Arab Amirliklarida isroillik ravvin o‘limida gumonlangan uch nafar o‘zbekistonlik qo‘lga oligan. Bu haqda Reuters agentligi BAA Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga tayangan holda xabar qildi.

IIV bayonotiga muvofiq, qotillikda gumonlanayotganlarning ismi Olimboy Tohirovich, Azizbek Komilovich va Mahmudjon Abdurahim bo‘lib, ulardan ikki nafari 28 yoshda, yana biri esa 33 yoshdadir.

Vazirlik bayonotida Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari tomonidan olib borilayotgan tergov davom etayotgani bildirilgan, biroq qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan ayblov e’lon qilinib-qilinmagani ochiqlangan emas.

O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi Reuters agentligining bu boradagi so‘rovini javobsiz qoldirgan.

Birlashgan Arab Amirliklarida 24- noyabr kuni Isroillik ravvin Svi Koganning jasadi topilgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi.

2020-yildan buyon BAAda istiqomat qilayotgan Isroil va Moldova fuqarosi Kogan yahudiylarning “Xabad Lyubavich” ortodoksal diniy harakatini tamsil etib kelgan.

Koganning avtomobili Abu Dabidan 150 kilometr naridagi shosseda topilgan. Amirlik rasmiylari ravvinning o‘ldirilish sabablariga oid biror ma’lumotni ochiqlashmagan.

Isroil bosh vaziri ofisi va Tashqi ishlar vazirligining qo‘shma bayonotida Koganning o‘limi “mudhish antisemitcha terror xuruji” deb atalgan. Bayonotda aybdorlar qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, Isroil ularni javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi va’da qilingan.

Isroillik sobiq siyosatchi Ayyub Qara 24-noyabr kuni Dubayda qilgan chiqishida ravvinga qirilgan suiqasdda Eronni ayblagan. Eronning Abu Dabidagi elchixonasi bu ayblovni rad qilgan.

Avvalroq ravvin o‘limida o‘zbekistonlik uch nafar fuqaro gumon qilinayotgani, ular yakshanba kuni BAAdan Turkiyaga uchib ketishgani haqida xabar qilingan edi. BAA IIV ravvinning o‘limida gumonlanayotgan o‘zbekistonliklar qayerda va qay tarzda qo‘lga olinganiga aniqlik kiritgan emas.

Koganning o‘limi BAAdagi bir necha ming kishilik yahudiy jamoatini shokka tushirgan. Isroil Milliy xavfsizlik agentligi mamlakat fuqarolariga BAAga safar qilishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qilgan.

XS
SM
MD
LG