Turkiya hududida soxta spirtli ichimlikdan zaharlanish natijasida hayotdan ko‘z yumgan o‘zbekistonlik fuqarolar soni joriy yilning 30-yanvar holatiga ko‘ra 23 nafarga yetgan. Bu haqda ma’lumot tarqatgan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi qurbonlarning ikki nafari ayol ekaniga e’tibor qaratdi.
“Vafot etgan barcha fuqarolarning jasadlarini O‘zbekistonga olib ketish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi tomonidan tegishli konsullik, huquqiy va tashkiliy yordam ko‘rsatildi”, deyilgan xabarnomada.
Diplomatik idora qo‘lbola ichkilikdan zaharlangan o‘zbekistonliklarning ayrimlari davolanish kursini yakunlab, shifoxonadan chiqqanlari, ba’zilari esa tibbiy muolajalarini davom ettirayotganini qo‘shimcha qilgan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi shu yilning 17-yanvarida aroqdan zaharlanish natijasida vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 17 nafarga chiqqani haqida ma’lum qilgan edi.
Turk matbuotining yozishicha, soxta alkogoldan zaharlanganlarning aksariyati O‘zbekiston va Turkmaniston fuqarolaridir. Avvalroq bosh konsulxona vakillari qalbaki spirtli ichimlik tayyorlashga aloqadorlikda ayblanib, 2 nafar turkmanistonlik qo‘lga olingani, aroqdan zaharlanish hodisasi ortidan mahalliy politsiya keng qamrovli tergov ishlarini boshlab yuborgani haqida ma’lum qilishgandi.