Rim prokuraturasi Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan qidirilayotgan liviyalik dala qo‘mondonining badarg‘a qilinishiga oid ish bo‘yicha Italiya bosh vaziri Jorja Meloni va ikki vazirga qarshi tergov boshladi. Euronews xabariga ko‘ra, tergov boshlanganini Melonining o‘zi e’lon qilgan.
Italiya bosh vaziri Usoma al-Masriy nomi bilan tanilgan Usoma Anjiyemaga yordam ko‘rsatganlikda ayblanmoqda.
Meloniga ko‘ra, tergov adliya vaziri Karlo Nordio va ichki ishlar vaziri Matteo Pyantedoziga ham qarshi olib borilmoqda.
Ayblov yuzasidan izoh berarkan, Meloni: “Kecha to‘g‘ri bo‘lgan narsa bugun ham to‘g‘ri bo‘lib qolmoqda. Meni shantaj qilib va qo‘rqitib bo‘lmaydi”, deya bildirgan.
Jorja Meloni hukumati al-Masriy Xalqaro jinoyat sudi orderiga ko‘ra Turinda hibsga olinganidan keyin ozod qilib yuborilganidan keyin muxolifat, inson huquqlari tashkilotlari hamda XJS tomonidan tanqidga uchragan.