Линклар

Шошилинч хабар
21 Iyul 2026, Toshkent vaqti: 06:15

Kamala Harris o‘z sog‘lig‘iga oid tibbiy hisobot yoyinladi

Kamala Harris
Kamala Harris

AQSH vitse-prezidenti, prezidentlikka nomzod Kamala Harris Oq uy saytida o‘z sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy hisobot yoyinladi. Unda 59 yoshli Harris sog‘lomligi, jismoniy va ruhiy jihatdan chidamliligi, chekmasligi, alkogolni oz va me’yorida iste’mol qilishi, sport bilan shug‘ullanishi, faqatgina mavsumiy allergiyadan aziyat chekishi ko‘rsatilgan. Vrach xulosasiga ko‘ra, Harris davlat xizmati bilan bog‘liq barcha vazifalarni, shu jumladan davlat rahbari lavozimidagi vazifalarni bajarishga qodir.

Harrisning maslahatchilari tibbiy hisobotning yoyinlanishi raqibining o‘zini tutishi qarshisida vitse-prezident uchun manfaatli ko‘rinadi, degan fikrdalar. Donald Tramp ko‘p yillar mobayni, shu jumladan prezident bo‘lgan davrida o‘z sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotni kamdan-kam va cheklangan miqdorda ochiqlab kelgan. U bu ishni shu kundagi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida ham, hatto suiqasd urinishidan keyin ham qilmayapti, bu esa, Harris fikricha, saylovchilarda “78 yoshli Tramp yana to‘rt yil prezidentlik grafigiga dosh bera olish darajasida sog‘lommi?” degan savolni paydo qilishi mumkin.

Har holda, bu Tramp komandasi saylovchilar u haqda bor haqiqatni bilishini istamayotganini anglatadi”, degan Harris 12-oktyabr kuni.

Trampning saylov shtabi vakillari bunga e’tiroz bildirishib, Trampning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi hisobotlarni uning vrachi Ronni Jekson X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida muntazam ravishda e’lon qilib borayotgani va bundan Tramp davlat xizmati uchun yetarli darajada sog‘lom ekani kelib chiqishini aytmoqdalar.

Oliy lavozimga nomzodlarning sog‘lig‘iga oid masalalarga amaldagi prezident, 81 yoshli Jo Bayden, tahlilchilar va jamoatchilikning umumiy fikricha, debatda Trampga yutqazganidan so‘ng ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishdan bosh tortganidan keyin AQSHda ko‘p e’tibor qaratiladigan bo‘ldi. Debat chog‘ida Bayden parishon ko‘ringan, duduqlanib, gapidan adashib ketgan edi, buni unga qarshi bo‘lganlar qarilikda kishi psixikasining o‘zgarishi o‘laroq baholashib, bu Baydenni prezidentlik vazifalarini bajarishga yaroqsiz qilishini iddao qilishgandi.

Ayni paytda prezidentning salomatligiga oid hisobotlar Oq uy saytida muntazam ravishda e’lon qilib turiladi va ularda prezidentdagi yosh bilan bog‘liq barcha xastaliklar nazorat ostida ekani hamda unda davlat xizmatida ishlashga mone’lik qiluvchi holatlar yo‘qligi aytilgan.

XS
SM
MD
LG