Toshkentdagi sud voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan qilgan 45 yoshli erkakka nisbatan hukm chiqargan. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi ma’lumot tarqatdi.
Qayd etilishicha, 26-sentyabr kuni toshkentlik ayol huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, mast erkak qiziga tegajog‘liq qilganidan shikoyat qilgan.
Ayolga ko‘ra, erkak qizchaning yuzlari va lablaridan o‘pib, uni ko‘tarib, ko‘p qavatli uy yo‘lagiga olib ketgan. Mo‘jiza tufayli erkakning qo‘lidan qutulgan qizcha sodir bo‘lgan voqea haqida onasiga aytib bergan, ona esa bu haqda zudlik bilan huquq-tartibotchilarga xabar bergan.
Oradan ko‘p o‘tmay huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchini qidirib topgan, u Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shahrida tug‘ilgan 45 yashar G‘. A. bo‘lib chiqqan.
Xabarnomada keltirilishicha, dashtobodlik erkak sudda o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi uni O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) bo‘yicha aybdor deb topib, unga nisbatan 5 sutkalik qamoq jazosi tayinlagan.