O‘zbekiston Markaziy banki bir foydalanuvchi uchun rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini chekladi.
Telegramdagi “Mijozlar uchun” kanali ma’lumotiga muvofiq, regulyator ishlab chiqqan vaqtinchalik tartibga ko‘ra, bitta jismoniy shaxs (bitta JSHSHIR uchun) bitta bankda ko‘pi bilan 5 ta va umuman barcha banklarda 20 tagacha, shu jumladan, virtual va kobeyjing kartalariga ega bo‘lishi mumkin.
Ushbu talab xorijiy valyutada ochilgan kartalarga tatbiq etilmaydi.
Banklarga jismoniy shaxslarning kartalari (shu jumladan virtual) bo‘yicha 12 oy davomida hech qanday operatsiya amalga oshirilmagan bo‘lsa, karta egasini xabardor qilgan holda ularni bloklash topshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu tartib xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tijorat banklariga ijro uchun yo‘llangan. Uning amal qilish muddati 2025-yil 1-yanvaridan 2025-yil 31-dekabrigacha belgilangan.
Tarmoq faollari ushbu tartib imi-jimida qabul qilinganiga e’tibor qaratmoqda.
MB 2024-yil noyabr oyi oxirida bir kishiga to‘g‘ri keladigan kartalar sonini cheklashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bu borada hujjat ishlab chiqilgani jamoatchilikka rasman e’lon qilinmagan.
O‘shanda regulyator bu chorani kartalar bilan bog‘liq shubhali (firibgarlik) operatsiyalarning oldini olish maqsadi bilan izohlagandi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, bank kartalari egalarining qariyb 97 foizi (22 million kishi) 5 tagacha, 3 foizi (770 ming kishi) 5 tadan 20 tagacha, 0,03 foizi (7000 kishi) esa 20 dan ortiq karta ochgan.
Iqtisodchilar kartalar sonini cheklash tashabbusiga e’tiroz bildirgan. Jumladan, Otabek Bakirov buni “o‘tgan yomon zamonda qolib ketgan oybolta usuli” deb atagan.