Joriy yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxira aktivlari 41,14 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Markaziy bank hisobotida keltirilishicha, sentyabr oyida zaxiralar 1,98 milliard dollarga yoki 5 foizga oshgan.
Mahalliy nashr qaydicha, bu holat 2013-yildan beri yuritiladigan statistik ma’lumotlarning butun davri uchun navbatdagi rekord ko‘rsatkichdir.
Markaziy bank zaxiralari ketma-ket uchinchi oy o‘sib bormoqda. Iyul (1,06 milliard dollar) va avgust (1,75 milliard dollar) oylarida ham ijobiy natija qayd etilgan.
Sentyabr oyida oltin kotirovkalari unsiyasi uchun 2502,8 dan 2647,1 dollarga oshgani qo‘l kelgan.
Oltin-valyuta zaxirasi har bir mamlakatning “qora kun”ga asralgan mulki sanaladi.
Avvalroq Ozodlik joriy yilning 1-avgustiga kelib O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 37 milliard 402 million 200 ming AQSH dollarini tashkil qilgani haqida xabar qilgan edi.