Линклар

Шошилинч хабар
14 феврал 2025, Тошкент вақти: 16:03

Mingga yaqin o‘zbekistonlik AQSHdan badarg‘a qilinishi mumkin


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

AQSHda yashab kelayotgan 975 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida deportatsiya qilinishi mumkin. Fox News chop etgan statistik tahlillar ana shundan dalolat beradi.

Mingga yaqin o‘zbekistonlikka AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) tomonidan deportatsiya to‘g‘risida yakuniy qaror yuborilgan, ammo ular hali hibsga olinmagan.

Gap shundaki, muhojirlarning apellyatsiya yoki boshpana arizasi bilan murojaat qilishi sabab ICE ularni zudlik bilan mamlakatdan chiqarib yubora olmayotir.

Xitoy, Rossiya, Eron, Kuba kabi davlatlar esa o‘z fuqarolarini qabul qilishdan bosh tortmoqda.

Agar vakolatli idora deportatsiya qarori ustidan ariza bilan murojaat qilgan norezidentga himoya yoki yengillik bersa, Immigratsiya va bojxona nazorati idorasi uni badarg‘a qila olmaydi.

Shunga ko‘ra, nazariy jihatdan o‘zbekistonlik noqonuniy migrantlar ham deportatsiyadan qutulib qolish imkoniga ega.

Immigratsiya va bojxona nazorati idorasi jami 1 million 445 ming kishini deportatsiya haqida ogohlantirgan. “Qora ro‘yxat”da Gonduras (261651 kishi), Gvatemala (253 ming 413 kishi), Meksika (252 ming 44 kishi), Salvador (203 ming 822 kishi), Nikaragua (45 ming 995) kabi davlatlar fuqarolari ko‘p ekanini ko‘rish mumkin.

Ozodlik avval xabar qilganidek, AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrigacha O‘zbekistonga 572 kishini deportatsiya qilgan.

2023-yilda esa 88 nafar o‘zbekistonlik Qo‘shma Shtatlardan majburan vataniga qaytarilgan.

Ozodlik radiosi 2023-yil avgust oyida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning “orzular o‘lkasi”ga Lotin Amerikasi davlatlari va Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi xususida so‘z borgan.

XS
SM
MD
LG