Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2025, Тошкент вақти: 01:48

Mirziyoyev “parlamentda muxolifatni jonlantirish zarur”ligini aytdi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5-chaqiriqdagi ilk yalpi majlisida nutq so‘zladi. Prezident matbuot xizmati qaydicha, Mirziyoyev o‘z chiqishida parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytgan.

Buning uchun esa qonunchilik idorasida muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qilgan.

Shuningdek, u yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerakligini urg‘ulagan.

Mirziyoyevga ko‘ra, hozircha parlament nazorati to‘laqonli ta’sirchan institutga aylandi, deb aytib bo‘lmaydi. Parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.

Nutq davomida Qonunchilik palatasiga hukumat a’zosi hisobotini eshitib, uning yakunlariga ko‘ra ushbu rahbarni iste’foga chiqarish to‘g‘risida prezidentga taklif kiritish huquqi berilgani eslatilgan.

Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ham ko‘rilgan.

Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan O‘zXDP vakili Nuriddin Ismoilovni navbatdagi muddatga Qonunchilik palatasining spikeri etib saylagan.

Ozodlik avvalroq xabar berganidek, YXHT O‘zbekistonda 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament sayloviga doir dastlabki bayonotida siyosiy muhit cheklangan holda qolgani va saylovchilarga haqiqiy tanlov imkoniyati berilmaganiga e’tibor qaratgandi.

“Ro‘yxatdan o‘tgan besh partiya hukumat siyosatini umumiy qo‘llab-quvvatlagani sababli saylovchilarga haqiqiy muqobil variantlar taqdim etilmadi. Bu fuqarolar ovozini chinakam ifodalash uchun yanada faol va raqobatbardosh siyosiy muhitni yaratish zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi”, degan edi YXHT Parlament Assambleyasi delegatsiyasi rahbari Sargis Xandanyan.

XS
SM
MD
LG