Yangi o‘quv yilidan Mo‘g‘ulistonning ko‘plab maktablarida ingliz tili asosiy xorijiy tilga aylanadi. Bu haqda ta’lim vaziri Purevsurengiyn Naranbayar ma’lum qildi. Avvallari maktablarning aksariyatida rus tili o‘qitilar edi.
Mo‘g‘uliston ta’lim vaziriga ko‘ra, ingliz tili asosiy xorijiy til o‘laroq o‘qitish uchinchi sinfdan boshlanadi. Yangi o‘quv yilida Pearson English dasturi onlayn va kunduzgi ta’lim shaklida 100 ta maktabda sinov tariqasida ishga tushiriladi.
Mo‘g‘uliston chet tili o‘laroq ingliz tili o‘qituvchilarini xorijdagi maktablarda – eng avvalo, Filippindagi magistraturada o‘qitishni rejalamoqda. Shuningdek, AQSH ko‘magida Ulan-Batorda ingliz tili markazi ochiladi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ulan-Batorga tashrifi chog‘ida va’da qilgan.
Mo‘g‘uliston maktablariga rus tili asosiy xorijiy til o‘laroq SSSR davrida kiritilgan. U aksariyat maktablarda o‘qitilishi mumkin bo‘lgan yagona xorijiy til bo‘lgan.
Mo‘g‘uliston maktablarida ingliz tilini asosiy xorijiy tilga aylantirishga oid qonunni mamlakat parlamenti 2023-yilda qabul qilgan edi.