O‘zbekistonda joriy yil 1-martidan e’tiboran moped va skuterni boshqarish uchun “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi ega bo‘lish talab etiladi.
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bildirgisiga ko‘ra, moped va skuterlarlarni tegishli guvohnomasiz boshqarish jarimaga sabab bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyulidagi qarori bilan Yo‘l harakati qoidalariga bir qancha o‘zgartirishlar kiritilgan. Jumladan, elektromototsikl, moped va skuterlar uchun alohida farqlovchi davlat raqam belgilari joriy etilgan.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda kichik biznes egalari skuter va mopedlardan keng foydalanayotgani kuzatilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda 32,3 million dollarlik 211876 dona mototsikl (skuter va mopedlar) import qilingan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan qariyb 1,4 barobarga ortgan.
Oxirgi o‘zgarishlar manzarasida tarmoqlarda skuter va moped importi ham cheklanishi xususida xavotirlar paydo bo‘ldi.