Rossiya 2024-yil boshidan beri prezident Putinning Ukraina bosqini ishtirokchilari va ularning oila a’zolariga pasport berish imkonini tug‘dirgan farmoni asosida 3344 nafar xorijlikka fuqarolik taqdim etgan. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.
Mulozima mazkur statistika faqat harbiylargagina tegishlimi yoki ularning yaqinlariga ham daxldormi ekaniga aniqlik kiritgan emas.
Avvalroq Putin Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzgan yoki rossiyaparast harbiy tuzilmalarda xizmat qilgan harbiylarni fuqarolikka qabul qilishga izn bergan edi. Bunga oid qonun 2022-yilda qabul qilingan.
Ukraina urushi chog‘ida Rossiyada pasport olganiga qaramay, harbiy qayddan o‘tishdan bosh tortgan fuqarolarni fuqarolikdan mahrum qilishga imkon beruvchi qonunlar ham qabul qilingan. Sentyabr oyida IIV bu qonun ijrosiga kirishgani haqida ma’lum qilgan edi.
Bundan tashqari, Rossiyada fuqarolik olgan xorijliklarni pasportidan mahrum etish uchun asoslar ro‘yxati keskin kengaytirilgandi. Irina Volkka ko‘ra, 2024-yilning sakkiz oyi mobaynida 1117 nafar pasport olgan shaxs Rossiya fuqaroligidan mahrum etilgan.