Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:04

Mozaik pannolar madaniy meros obyekti o‘laroq qo‘riqlanadi


Toshkentda oq rang bilan bo‘yab tashlanganidan so‘ng qayta tiklangan mozaik panno (arxiv surati)
Toshkentda oq rang bilan bo‘yab tashlanganidan so‘ng qayta tiklangan mozaik panno (arxiv surati)

O‘zbekistonning sakkiz viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahridagi jami 160 chog‘li mozaika kompozitsiyasi, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25- martidagi qaroriga ko‘ra, monumental san’at yodgorligi o‘laroq Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritildi.

Hukumat qarorida bu ishni amalga oshirishdan maqsad “moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari hamda turar va noturar joylardagi san’at yodgorliklarini tartibga solish hamda davlat muhofazasiga olish, mozaika, panno va tasviriy san’at asarlarini har tomonlama o‘rganish, saqlash va ulardan oqilona foydalanish”, shu bilan birgalikda, O‘zbekistonning turistik salohiyatini oshirishda “tasviriy san’at asarlarining o‘rni va ahamiyatini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish” ekani urg‘ulangan.

Qarorga muvofiq, binolar devorlariga ishlangan mozaika kompozitsiyalari belgilangan tartibda davlat kadastriga kiritilib, mozaikali binolarning kadastr hujjatiga mazkur obyektlar madaniy qiymatga egaligi to‘g‘risida tegishli yozuv kiritiladi.

Avvalroq O‘zbekistondagi ayrim binolardagi mozaik pannolar bo‘yab tashlanishi yoki ularga shikast yetkazilishi kabi holatlar kuzatilgan. Bu holatni vandalizm deya baholagan jamoatchilik faollari rasmiylarni binolar devorlaridagi tasviriy san’at namunalarini muhofaza qilishga chaqirishgan edi.

Binolardagi mozaik pannolarni muhofaza qilishga oid hukumat qarori o‘zbek rasmiylari “Buxoroning tarixiy hududida buzish va qurish ishlarini olib bormaslik yuzasidan YUNЕSKOga bergan va’dasini buzgan”i yuzasidan tanqidlar yangrayotgan bir paytda chiqarildi.

XS
SM
MD
LG