Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2025, Тошкент вақти: 07:48

Namanganda sud raisi o‘z yordamchisini kaltakladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Chust tumani sudi raisi Jahongir Yakubxo‘jayev yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni kaltaklab, unga jarohat yetkazdi. Kun.uz nashrining yozishicha, hodisa 2025-yil 18-yanvar kuni sodir bo‘lgan.

Sud raisi Jahongir Yakubxo‘jayev yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni o‘z xizmat xonasida kaltaklagan. Yordamchi To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Tibbiy ma’lumotnomada Yaxshiboyev yuz sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tan jarohati olgani ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ushbu hodisa yuz berganini tasdiqlagan va holat yuzasidan Chust tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borayotganini bildirgan.

Mushtumzo‘rlikka doir boshqa tafsilotlar ochiqlangan emas.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudi raisining xatti-harakatlariga oid xabar yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani, uning natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq sudyaning bu qilmishi MJtKning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bilan malakalanishi mumkin. Bu moddada jarima jazosi ko‘zda tutilgan. Ammo daxlsizlik maqomiga ega sudyani tegishli sudyalar malaka hay’atining xulosasi olinmay ma’muriy javobgarlikka tortish mumkin emas.

XS
SM
MD
LG