Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 21:42

Namanganlik ayol o‘zi bilan ikki farzandini kanalga otdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Namangan shahri Temir ko‘chasida yashagan 25 yoshli ayol o‘zi hamda 3 va 1 yashar o‘g‘illarini Shimoliy Farg‘ona kanaliga tashlagan. Ayol halok bo‘lgan, ikki norasida esa qutqarib qolingan.

20-dekabr kuni ro‘y bergan hodisadan jamoatchilik va matbuot bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib xabar topmoqda.

Daryo.uz nashrining Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayangan holda yozishicha, ayolning o‘zi va bolalari joniga qasd qilishga urinishiga turmush o‘rtog‘i bilan uzoq muddatdan buyon birga yashamayotgani, oilaviy kelishmovchilik sabab ruhiyatida o‘zgarish ro‘y bergani sabab bo‘lgan.

Fojia ro‘y bergan vaqtda mazkur hududdan o‘tib ketayotgan fuqarolar ikki nafar voyaga yetmagan bolaning hayotini saqlab qolishgan. Ammo ayol cho‘kib o‘lgani, jasad Namangan viloyati qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan kanalidan chiqarib olingani aytilmoqda.

Namangan shahri prokuraturasi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (qasddan odam o‘ldirish ikki yoki undan ortiq shaxsni; aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Hayot zarbalariga uchragan ayollarning o‘zini kanalga otishi O‘zbekistonda ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Ozodlik avval xabar qilganidek, 2019-yilda Samarqandda to‘rt bolaning onasi bo‘lgan G. H. ismli ayol Darg‘om kanaliga o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan edi. Ayolning yonida bo‘lgan 6 yashar qizchasini kanal yaqinidagi fuqaro qutqarib qolgan.

2016-yilda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashagan 26 yashar ayol shar’iy nikohdagi eri o‘z bolasini tan olmagani va aliment to‘lashdan bosh tortgani sabab 11 oylik o‘g‘lini Katta Farg‘ona kanaliga cho‘ktirgandi.

XS
SM
MD
LG