Aksilhukumat namoyishlarini dastaklagani uchun o‘limga hukm etilgan eronlik reper Tumaj Solihiy qamoqdan ozod qilindi. Solihiy ikki avvalgi “Ayol, hayot, ozodlik” huquqbonlik aksiyasini qo‘llagani uchun shu yil aprel oyida sud tomonidan o‘limga hukm qilingandi. Bu haqda Britaniyaning The Guardian nashri xabar qildi.
Eronda 2022-yil sentyabrida kurd millatiga mansub bo‘lgan talaba Mahsa Aminiyning politsiya uchastkasidagi o‘limi jamoatchilikni junbushga keltirgan edi.
Solihiy ommaviy namoyishlarni dastaklagan bayonotlari uchun o‘sha yilning oktyabr oyida hibsga olingan. Uning qo‘shiqlarida Erondagi tazyiq-ta’qib va qatllar qoralangan.
Reper hibsdalik paytida qiynoqlarga duchor etilgani va kaltaklangani haqida bildirgan. Xabarda aytilishicha, nozirlar Solihiyning qo‘l va oyoqlarini sindirishgan, u uzoq vaqt davomida bir kishilik kamerada o‘tirgan.
2024-yil iyunida Eron Oliy sudi jamoatchilikning to‘xtovsiz talabi ortidan Solihiyga nisbatan o‘lim hukmini bekor qilgan, biroq uni ozod qilishdan bosh tortgandi.
Solihiyning Belgiyada yashovchi qarindoshi Arezu Eqboli Bobodiyga ko‘ra, reperning ozod etilganiga oid xabar uning oilasi va tarafdorlari tomonidan “ehtiyotkorona nekbinlik” bilan qabul qilingan.
“Uning ozodlikka chiqqanini qutlar ekanmiz, biz ozodlik va insoniylik talab qilgani uchungina qamoqxonada bir daqiqa ham o‘tirmasligi lozim bo‘lganini hech qachon unutmaymiz”, degan u.
Reperning qarindoshi eronliklar adolatsizlik bilan qamoq jazosiga tortilgan va ozodlikka chiqishini kutayotgan boshqa ko‘plab mahkumlarni ham esdan chiqarmasligi lozimligini qo‘shimcha qilgan.