Wizz Air aviakompaniyasining 30-noyabr kungi 5W7160 raqamli reysi bilan Toshkentdan BAAning Abu Dabi shahriga uchib borgan 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi aeroportdan chiqarilmagan.
Gazeta.uz xabariga ko‘ra, Shayx Zayd nomidagi aeroport xodimlari ayollar, bolalar va keksalarni qo‘yib yuborgani holda 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni ushlab qolgan.
Noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zbekistonlik erkaklarning pasporti olib qo‘yilib, so‘roq qilingan.
Yo‘lovchilar uzoq vaqt ovqatsiz qolganlari va bosimga uchraganlaridan shikoyat qilishgan.
O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi “noma’lum sabablarga ko‘ra” aeroportda ushlab turilganini tasdiqladi.
“O‘zbekistonning Abu Dabidagi elchixonasi va Dubaydagi bosh konsulxonasi aeroport ma’muriyati va amirliklarning mas’ul idoralari vakillari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyatni nazoratga olgan”, deyilgan diplomatik vakolatxona axborotida.
Elchixonaga ko‘ra, aeroport ma’muriyati bilan hamkorlikda o‘zbekistonliklarni uch mahal ovqat bilan ta’minlash hamda ularga zarur tibbiy yordam choralari ko‘rilgan.
Co‘nggi xabarlarga ko‘ra, Abu Dabi aeroportida bir sutkadan ortiq qolib ketgan 10 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga qaytarilgan. Ular o‘z hisobidan chipta xarid qilishga majburlangan.
Ushbu hodisa ortidan ijtimoiy tarmoqlarda BAA hududiga muayyan yoshdagi o‘zbekistonlik erkaklarning kirishi taqiqlangani haqida taxminlar ilgari surildi.
Abu Dabi havo qo‘nalg‘asida o‘zbekistonliklarning ushlab qolinishi va so‘roqqa tutilishi Amirliklar hududida yahudiy ruhoniysi Svi Kogan o‘ldirilishi ortidan ro‘y bermoqda.
O‘tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi isroillik ravvin o‘limida gumonlangan uch o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.
BAA IIV bayonotiga ko‘ra, qotillikda gumonlanayotganlarning ismi Olimboy Tohirovich, Azizbek Komilovich va Mahmudjon Abdurahim bo‘lib, ulardan ikki nafari 28 yoshda, yana biri esa 33 yoshdadir.