Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida 5-dekabr kuni sodir bo‘lgan gaz portlashi natijasida bir kishi vafot etgan, yana olti kishi tan jarohat olgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik qaydicha, portlash tumanning “Kim Pen Xva” MFY, Qutb Yulduzi ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish korxonasi ma’muriy-xo‘jalik binosida Toshkent vaqti bilan ertalabki soat 07:46 da sodir bo‘lgan.
Xabarnomada favqulodda vaziyatlar vaziri A. Qo‘ldoshev voqea joyiga yetib borgani, hodisa oqibatlari vazir boshchiligida bartaraf etilayotgani qayd qilingan.
“Shuningdek, hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, tuman hokimiyati, prokuratura, IIB, SSB, “Hududgazta’minoti” rahbar xodimlari yetib borgan. Ayni vaqtda FVVning yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyida amaliy harakatlarni olib bormoqda”, deyilgan FVV xabarnomasida ayni paytda holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.