Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2025, Тошкент вақти: 03:35

O‘zbekiston AES qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium tuzadi


"O‘zatom" va "Rosatom" vakillari kichik quvvatli AES qurilajak maydonda, Jizzax viloyati, 2024-yil 26-iyuni ("O‘zatom" agentligi fotosi)
"O‘zatom" va "Rosatom" vakillari kichik quvvatli AES qurilajak maydonda, Jizzax viloyati, 2024-yil 26-iyuni ("O‘zatom" agentligi fotosi)

O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektrostansiyasi (KQAES) qurish loyihasi bo‘yicha xalqaro konsorsium tuziladi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev ma’lum qilgan.

2024-yil may oyida “O‘zatom”ning AES qurish direksiyasi va “Rosatom” tizimidagi injiniring shirkat o‘rtasida O‘zbekistonda KQAES barpo etish bo‘yicha shartnoma tuzilgan edi. 330 MVt quvvatli (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita rektor) KQAES Jizzax viloyatida barpo etilishi, bu loyihada “Rosatom” bosh pudratchi bo‘lishi bildirilgandi.

“O‘zatom” agentligi direktori “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusidan Toshkent endilikda ushbu loyihaga boshqa davlatlarni ham jalb etishni ko‘zlayotgani anglashiladi.

“Prezidentimiz ushbu loyihani xalqaro xususiyatga ega bo‘lishi va uning amalga oshirilishida turli xalqaro tuzilmalarni jalb qilish kerakligini ta’kidladi. Shuning uchun bu loyihada nafaqat Rossiya texnologiyalari, balki Xitoyning noyadro texnologiyalari, Yevropaning turli dasturiy ta’minot va apparat vositalarini ham qo‘llamoqchimiz. Shu yo‘l bilan biz eng zamonaviy texnologiyalar yordamida ushbu loyihani amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tashkil qilamiz”, degan Ahmadxo‘jayev.

Agentlik rahbariga ko‘ra, suv sarfini kamaytirish maqsadida loyihada Vengriya yoki Xitoyning quruq sovutgichlarini tatbiq etish rejalashtirilgan.

“O‘zatom” rahbari Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan malakali kadrlar tayyorlash va atom energetikasi loyihalarini amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik dasturi ishlab chiqilganini ham qayd etgan.

Ozodlik avval xabar qilganidek, rasmiy Toshkent KQAES qurish uchun xorij banklaridan mablag‘ jalb etish rejasini ochiqlagandi.

Dunyo uzra Putinning yadroviy tahdidi muallaq turgan pallada O‘zbekiston Rossiya bilan birgalikda KQAES qurishga kirishayotgani mahalliy faollarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Jamoatchilik bu loyiha Kreml qo‘lida O‘zbekistonga qarshi “shantaj quroli” bo‘lib qolishidan xavotirda.

AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik ham O‘zbekiston hukumatini ilk atom elektrostansiyasi qurilishida texnik hamkorlarni tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgandi.

XS
SM
MD
LG